
Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda joriy yilda Volkswagen va Foton zavodlari ochilishi ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda Chevrolet, BYD, KIA va Hyundai brendlari bilan hamkorlikda beshta avtomobil zavodi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda esa Volkswagen, Foton va JAC zavodlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Avtomobilsozlikda band bo‘lganlar sonini 1 mlntaga yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi haqida ham axborot berildi. Rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida yirik uzelli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda esa Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida to‘liq sikldagi ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bozorda avtomobillar tanlovi kengaygan va uzoq navbatlar bartaraf etilgan. Joriy yilda avtomobil savdosiga 20 ta bank jalb qilinib, avtomobillarning 95 foizi bo‘lib-bo‘lib to‘lash va imtiyozli kredit tizimlari orqali sotilgan.
Shuningdek, avtomobil va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi kooperatsiya zanjirlari shakllanmoqda. Hozirda 300 dan ortiq korxona Chevrolet, qariyb 40 ta korxona esa KIA va BYD uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda. Tarmoqda 10 mingdan ortiq yosh zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston avtomobil bozorida elektromobillar ulushi 10 foizga yetgani haqida yozgan edik.