Yangiliklar

O‘zbekistonga ko‘chib kelayotgan xorijliklar orasida rossiyaliklar yetakchilik qilmoqda

2026-yilning birinchi choragida mamlakatga doimiy yashash uchun kelganlarning 34,1 foizini Rossiya fuqarolari tashkil etdi
Foto: Pexels.com

2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan doimiy yashash maqsadida jami 721 kishi ko‘chib kelgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Xorijdan kelganlarning qariyb uchdan bir qismi (34,1 foizi) Rossiyadan ko‘chib o‘tgan. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston (19,7 foiz), Tojikiston (12,2 foiz), Qirg‘iziston (4,9 foiz) va Turkmaniston (3,7 foiz) band etgan. Qolgan 25,4 foiz boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Dreamstime.com

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, ko‘chib kelganlarning mutlaq ko‘pchiligi Toshkent shahrini tanlagan — 454 nafar. Toshkent viloyatida 126 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 56 nafar shaxs ro‘yxatga olingan.

Boshqa hududlardagi ko‘rsatkichlar nisbatan past. Samarqand (14 nafar), Farg‘ona (11 nafar) va Xorazm (11 nafar) viloyatlariga jami 30 dan ortiq kishi ko‘chib kelgan. Sirdaryo, Navoiy, Buxoro, Andijon, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida bu ko‘rsatkich 5 nafardan 10 nafargachani tashkil qilsa, Qashqadaryo viloyatida atigi 1 kishi doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Avvalroq Kursiv nashri 2025-yilda O‘zbekistonga 1,1 mingdan ortiq shaxs doimiy yashash uchun ko‘chib kelgani haqida xabar bergan edi.