Banklar va moliya

Sandro Rtveladze «Ipoteka bank» boshqaruvi raisi lavozimini tark etadi

U 2024-yilda «Ipoteka bank» boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi
Sandro Rtveladze Ipoteka bank boshqaruvi raisi lavozimini tark etadi
Foto: Bank matbuot xizmati

Sandro Rtveladze 1-iyuldan «Ipoteka bank» OTP Group boshqaruvi raisi lavozimidan ketadi. Bu haqda moliya tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, Rtveladze rahbarligidagi ikki yil davomida «Ipoteka bank»da keng ko‘lamli transformatsiya jarayoni amalga oshirilgan. Bu jarayon bankning OTP Group nazoratiga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Kompaniya eslatishicha, «Ipoteka bank» aktivlarining sotilishi O‘zbekistonda davlat bankini xususiylashtirish bo‘yicha ilk holat bo‘lgan. Shu orqali Yevropaning OTP Group moliyaviy guruhi mahalliy bozorga kirgan.

Bank bayonotida aytilishicha, rahbariyat almashinuvidan avval «Ipoteka bank» asosan davlat instituti sifatida faoliyat yuritgan. Uning portfelida ipoteka kreditlari katta ulushga ega bo‘lgan. Rtveladze faoliyati davrida bankning asosiy operatsion jarayonlari qayta tashkil etildi. Shuningdek, kapital oshirildi, aktivlar sifati yaxshilandi va bank rentabellikka qaytdi.

Ma’lumot uchun, Sandro Rtveladze 2024-yilda «Ipoteka bank» boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi. U bu lavozimda Elyor Inomjonov o‘rnini egallagan. Bungacha Rtveladze TBC Bank Uzbekistan, UBS, Liberty Bank kabi moliyaviy tuzilmalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, u OTP’ning Rossiyadagi filiali boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri muomaladagi kartalar soni bo‘yicha O‘zbekiston banklari reytingi haqida yozgan edi.