
Shvetsiya hukumati Fransiyaning Naval Group kompaniyasidan 4 ta FDI (Frigate de Défense et d’Intervention) turidagi harbiy kemalar xarid qilish bo‘yicha yirik kelishuvga erishdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Taxminan $4,2 mlrd qiymatga ega ushbu kelishuv Shvetsiyaning havo mudofaasi imkoniyatlarini uch baravar oshirishi kutilmoqda. Bosh vazir Ulf Kristersson bu qaror Boltiq dengizi hozirgi davrda juda murakkab va xavfli hududga aylanganini ta’kidlab, yangi kemalar mamlakat dengiz mudofaasini sezilarli darajada kuchaytirishini bildirdi.

Kemalar Shvetsiya dengiz floti uchun eng yirigi bo‘lib, birinchi kemaning 2030-yilda yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Umumiy loyiha qiymati $4,2 mlrddan ziyodni tashkil etadi. Shuningdek, ushbu kemalarda Shvetsiyada ishlab chiqilgan, jumladan Saab kompaniyasi tizimlaridan foydalanishga ruxsat berilishi qayd etilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu kelishuvni ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch belgisi sifatida baholadi. Shvetsiya dengiz floti rahbari Yoxan Norlen esa yangi frigatlar NATO ittifoqchilari bilan birgalikda Boltiq dengizida harbiy va fuqarolik transporti xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Erondagi urush sabab Rossiya neftiga imtiyozni yana uzaytirgani haqida xabar qilgan edik.