Yangiliklar

Tadbirkorning 2 milliard so‘mlik mahsulotini o‘zlashtirilganlar qo‘lga olindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Tadbirkorning 2 milliard so‘mlik mahsulotini o‘zlashtirilganlar qo‘lga olindi / Foto: Kuer

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tadbirkorning 2 mlrd so‘mlik alkogol mahsuloti talon-toroj qilingani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida «Z.S.» MChJ qo‘shma korxonasiga tegishli mahsulotlar noqonuniy ravishda sotib yuborilgani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi shahridagi omborxona tovarshunosi hamda MChJ ekspeditori o‘zaro til biriktirib, ishonib topshirilgan alkohol mahsulotlarini naqd pulga sotgan. Oqibatda umumiy qiymati 2 mlrd so‘mlik mahsulot o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda tijorat bank mijozining omonat mablag‘larini o‘zlashtirgan xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.