
Toshkent shahar hokimligi xodimlari uchun yangi odob-axloq qoidalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, xodimlarga ichkilikbozlik, qimor o‘yinlari va qimmatbaho sovg‘alar olish taqiqlanadi.
Shahar hokimi farmoyishiga binoan, xodimlarga qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda qatnashish, xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish hamda ish faoliyati bilan bog‘liq tashkilotlardan qimmatbaho sovg‘alar olish man etildi.
Shuningdek, xizmat avtomobillaridan shaxsiy maqsadda foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari faoliyatini muhokama qilish va fuqarolar sha’niga tegadigan ma’lumotlar tarqatish ham taqiqlar ro‘yxatidan joy oldi.
Hokimlikda odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qiluvchi maxsus komissiya ham tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimining soxta akkauntlari orqali firibgarliklar amalga oshirilayotgani xabar qilingandi. Ushbu akkauntlarda hokimning rasmi, ismi va familiyasidan foydalanilib, turli xabarlar yuborilmoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimi yoki hokimlikka aloqador mansabdor shaxslar aholi bilan shaxsiy tartibda xabar almashmaydi. Rasmiy sahifa yoki aloqa kanali ochiladigan bo‘lsa, bu haqda faqat Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining rasmiy axborot kanallari orqali oldindan xabar beriladi.