
Uzbekistan Airways aviachipta xarid qilishni yanada qulaylashtirish maqsadida Apple Pay va Google Pay orqali to‘lovlarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur xizmatlar aviakompaniyaning rasmiy sayti hamda mobil ilovasida ishlaydi. Yangi tizim yo‘lovchilarga bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lda kiritmasdan turib, aviachiptalarni tezkor tarzda xarid qilish imkonini beradi.
Shuningdek, tranzaksiyalar tokenlashtirish va shifrlash texnologiyalari orqali himoyalanadi. Aviakompaniya bu orqali foydalanuvchilarning mablag‘lari xavfsizligi ta’minlanishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar xavfsizligini oshirish maqsadida qushlardan himoya qiluvchi zamonaviy intellektual tizim ishga tushirilgan edi.