Avto

Yangi Chevrolet Cobalt sotib olishga arziydimi — sharh

Yangi Chevrolet Cobalt sotib olishga arizydimi — sharh
Rasm SI yordamida yaratilgan

Avtobloger Sherxon Nusratilloyev You Tube’dagi kanalida Chevrolet Cobalt Style MCM va Midnight MCM modellari taqqoslandi. «Kursiv» video asosida maqola tayyorladi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Chevrolet Cobalt 2026-yilda O‘zbekiston bozorida yangilangan MCM pozitsiyalari bilan taklif etilmoqda. Hozir xaridorlar uchun asosan Style MCM va Midnight MCM talqinlari dolzarb bo‘lib turibdi. Har ikki model texnik jihatdan bir-biriga yaqin, biroq dizayn, salon bezagi va xaridorlar auditoriyasi bo‘yicha farqlar mavjud.

Narx

Foto: Chevrolet

Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu avtomobillarni muddatli to‘lov asosida xarid qilish imkoniyati yo‘q. Ular naqd to‘lov yoki avtokredit orqali sotib olinadi. Style MCM narxi 156,1 mln so‘m, Midnight MCM narxi esa 165,2 mln so‘m etib ko‘rsatilgan. Demak, ikki talqin o‘rtasidagi farq 9,1 mln so‘mni tashkil qiladi.

Tashqi dizayn

Foto: You Tube

Tashqi ko‘rinishda Style MCM klassik uslubga yaqinroq. Unda odatiy rangdagi diskalar va nisbatan sokin dizayn qo‘llangan. Midnight MCM esa qoraytirilgan elementlari bilan ajralib turadi. Uning fara ichki qismi, disklari, yon oyna qoplamalari va orqa qismdagi ayrim dekorativ detallari qora rangda ishlangan.

Midnight MCM ayniqsa qora, satin yoki metallik rangdagi kuzov bilan uyg‘un ko‘rinadi. Oq rangda esa qoraytirilgan elementlar har bir xaridorga birdek yoqmasligi mumkin. Shu sabab tashqi dizayn bo‘yicha tanlov ko‘proq xaridorning didiga bog‘liq.

Ichki qismi

Foto: You Tube

Salon qismida Midnight MCM ancha farqli ko‘rinadi. Uning ichki qismi to‘liq qora uslubda bezatilgan. O‘rindiqlar charm ko‘rinishidagi material bilan qoplangan, pol qismi, gilamchalar, paneldagi ayrim detallar va rul atrofidagi elementlar ham qora rangda ishlangan. Bu salonga sportcha va zamonaviy kayfiyat beradi.

Style MCM saloni esa oddiy Cobalt uslubiga yaqinroq. Unda o‘rindiq va ichki qoplamalar nisbatan klassik ko‘rinishda qolgan. Shu bilan birga, yangi MCM talqinlarida o‘rindiqlarni isitish, ruldagi tugmalar, yangilangan asboblar paneli va MyLink multimedia ekrani kabi qulayliklar mavjud.

Foto: You Tube

Midnight MCM o‘rindiqlari ko‘rinish jihatidan chiroyliroq bo‘lsa-da, ular Style MCM o‘rindiqlariga nisbatan biroz qattiqroq sezilishi aytiladi. Shu sabab yumshoqroq o‘rindiq va sokinroq salonni xohlaydigan xaridorlar uchun Style MCM qulayroq bo‘lishi mumkin. Yangi MCM talqinlarida yana bir sezilarli o‘zgarish tugmalar va salon yoritilishida ko‘rinadi. Avvalgi Cobalt modellarida ayrim tugmalar ko‘kimtir yoritilgan bo‘lsa, yangilangan versiyalarda ular oq rangli yoritishga ega. Bu salonni zamonaviyroq ko‘rsatadi.

Texnik xususiyatlar

Foto: You Tube

Texnik jihatdan Style MCM va Midnight MCM o‘rtasida katta farq yo‘q. Har ikki avtomobilning motori, yurishi, yoqilg‘i sarfi va asosiy funksional imkoniyatlari deyarli bir xil. Ya’ni Midnight MCM kamroq yoqilg‘i sarflaydi yoki Style MCM ko‘proq sarflaydi degan fikrlar texnik asosga ega emas.

Yangi Cobalt MCM modellari avvalgi Cobaltlarga nisbatan biroz tejamkorroq yurishga moslangan. Motor ekologik talablar bo‘yicha yangilangan, ot kuchi esa avvalgi modellar bilan solishtirganda ozgina pasaygan bo‘lishi mumkin. Buning evaziga avtomobil nisbatan sokinroq yuradi va yoqilg‘i sarfi bo‘yicha tejamkorroq bo‘lishi kutiladi.

Qaysini tanlash kerak?

Style MCM ko‘proq klassik dizaynni yoqtiradigan, ortiqcha qoraytirilgan elementlarga qiziqmaydigan xaridorlarga mos keladi. Bu talqin ko‘proq oddiy, xotirjam va yumshoqroq avtomobil istaydiganlar uchun qulay tanlov bo‘lishi mumkin.

COBALT STYLE MCM YOKI MIDNIGHT MCM | QAYSI BIRINI XARID QILGAN MA’QUL❓ | 9.100.000 SO’M FARQ

Midnight MCM esa tashqi ko‘rinish va salon dizayniga ko‘proq e’tibor beradigan xaridorlar uchun qiziqarliroq. Qora elementlar, to‘liq qoraytirilgan salon va sportcha kayfiyat uni yoshroq auditoriya yoki avtomobilini bezatishni yoqtiradigan haydovchilar uchun jozibador qiladi.

Shu bilan birga, tanlov faqat yoshga bog‘liq emas. Avtomobil xaridida asosiy mezon xaridorning shaxsiy didi, qulaylikka munosabati va dizayn bo‘yicha talabi bo‘lib qoladi. Kimdir Style MCMning klassik ko‘rinishini afzal ko‘radi, kimdir esa Midnight MCMning qora elementlari va zamonaviy salonini tanlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt’ning keksa avlodi yoshlar orasida ommalashgani haqida yozgan edi.