Xavfsizlik

Andijonda noqonuniy dori ishlab chiqarish sexi aniqlandi

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda
Andijonda noqonuniy dori ishlab chiqarish sexi aniqlandi
Foto: DXX videosidan ekran tasviri

Andijon shahrida noqonuniy dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarilgan sex fosh etildi. Holat DXX va bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu manzilda 4 ta MCHJ tegishli ruxsatnoma va sertifikatlarsiz faoliyat yuritgan. Ular turli dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarni yashirin tarzda ishlab chiqargan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/andizhonda_noqonunij_dori_ishlab_chiqaruvchilar_aniqlandi.mp4
Video: DXX

Tezkor tadbir davomida «Simbaby», «Doclungc», «Leron», «Yodigan», «Polivit» kabi qariyb 100 turdagi mahsulot ashyoviy dalil sifatida olingan. Tekshiruvda mahsulotlarni tayyorlash jarayonida texnologik talablar qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan. Shuningdek, sanitariya-gigiyena qoidalariga ham rioya etilmagan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy tayyorlangan tibbiy mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri dorixonalar iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘mni asossiz olgani haqida yozgan edi.