Yangiliklar

Dorixonalar iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘mni asossiz olgani aniqlandi

O‘tgan davrda 2,5 mingga yaqin dorixona tomonidan 686 mingga yaqin qoidabuzarlik holati qayd etilgan
Dorixonalar iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘mni asossiz olgani aniqlandi
Foto: Unsplash

2,5 mingga yaqin dorixona iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘mni asossiz olgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar bermoqda.

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan davrda 2,5 mingga yaqin dorixona tomonidan 686 mingga yaqin qoidabuzarlik holati qayd etilgan. Ularda cheklangan savdo ustamasi 10 foizdan 3 barobargacha oshirib qo‘llangan. Natijada iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz olingani ma’lum bo‘lgan. Ushbu mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

2026-yilning birinchi choragida ham shunday holatlar aniqlangan. 190 dan ortiq dorixonada 110,5 mingga yaqin qoidabuzarlik qayd etilgan. Bu holatlarda iste’molchilardan 1,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz olingan.

Dori vositalari narxlarini nazorat qilish bo‘yicha raqamlashtirilgan tizim chakana va ulgurji savdoda dori narxlarining asossiz oshirilishini inson omilisiz aniqlashga xizmat qiladi. Bu orqali dorixonalarda belgilangan savdo ustamasi va referent narxlarga rioya etilishi nazorat qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda retseptsiz kuchli dori savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.