Yangiliklar

Farg‘ona va Namanganda narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Farg‘ona va Namanganda narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi
Foto: DXX

Farg‘ona va Namangan viloyatlarida narkotik moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona tumanidagi xonadonlardan birini ko‘zdan kechirdi. Tekshiruv davomida 2000-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli 993 gramm gashish va 212 gramm «Alfa-PVP» moddasi aniqlangan.

Foto: DXX

Shuningdek, ushbu manzildan 2728 dona «Regapen» va 458 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topilgan. Mazkur moddalar va dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Yana bir tezkor tadbir Namangan viloyatida o‘tkazildi. Unda DXX, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari ishtirok etdi. «Toshkent — Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Spark» avtomobili Chust tumanida to‘xtatib tekshirildi.

Foto: DXX

Avtomobilda bo‘lgan Namangan shahrida yashovchi 1992-yilda tug‘ilgan shaxs va Davlatobod tumanida istiqomat qiluvchi 1997-yilda tug‘ilgan fuqarodan 1 kg 127 gramm opiy moddasi olingan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Namanganda qalbaki dollar savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.