Gadjetlar

Honor X80 va Robot Phone smartfonlari qachon chiqadi

Robot Phone haqida texnik tafsilotlar hozircha kam
Honor X80 va Robot Phone smartfonlari qachon chiqadi
Foto: Huaweicentral

Huaweicentral ma’lumotlariga ko‘ra, Honor kompaniyasi iyunda Honor X80 modelini, avgustda esa dunyodagi ilk Robot Phone smartfonini ommaviy ishlab chiqarishga chiqarishi mumkin.

Honor X80 o‘tgan yilgi Honor X70 modelining davomchisi bo‘ladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi smartfon avtonomlik va texnik imkoniyatlar bo‘yicha sezilarli yangilanishlarga ega bo‘ladi. Hozircha Honor X80’ning batafsil xususiyatlari oshkor qilinmagan. Biroq model X seriyasidagi navbatdagi muhim qurilma sifatida ko‘rilmoqda. Kompaniya ushbu liniyada odatda katta batareya, barqaror ishlash va nisbatan hamyonbop narxga urg‘u beradi.

Foto: Honor

Shu bilan birga, may oyi oxirida Xitoyda Honor 600 seriyasi taqdim etilishi kutilmoqda. Kompaniya ushbu tadbirda yangi ekotizim qurilmalarini ham ko‘rsatishi mumkin. Ular orasida planshet va aqlli soatlar bor. Eng qiziqarli loyiha esa Honor Robot Phone bo‘lib qolmoqda. Kompaniya ushbu smartfonni avgust oyida ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga o‘tkazishi kutilmoqda.

Honor bosh direktori Li Szyan avvalroq ilk robot-smartfon 2026-yilning uchinchi choragida bozorga chiqishini bildirgan edi. Bu davr iyuldan sentabrgacha bo‘lgan vaqtni qamrab oladi. Robot Phone haqida texnik tafsilotlar hozircha kam. Ammo qurilma Honor’ning sun’iy intellekt va mobil texnologiyalarni birlashtirishga qaratilgan eng noodatiy loyihalaridan biri bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor Play 11 Plus smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.