Yangiliklar

Shubhali dron sabab Litva parlamenti yerosti boshpanalariga tushirildi

Havo va transport harakatlari vaqtincha cheklandi
Dron tahdidi sabab Litva parlamenti yerosti boshpanalariga tushirildi / Foto: Reuters

20-may kuni Litva havo hududiga kirib kelgan shubhali dron sababli parlament a’zolari va hukumat vakillari Vilnyusdagi yerosti boshpanalariga evakuatsiya qilindi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Unga ko‘ra, Vilnyus aeroportida havo qatnovi vaqtincha to‘xtatildi, poytaxt atrofidagi poyezdlar harakati ham bekor qilindi. Maktablar va bolalar bog‘chalariga bolalarni xavfsiz joylarga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Litva armiyasi poytaxt aholisi va davlat idoralariga zudlik bilan xavfsiz joylarga o‘tish, yaqinlarini himoya qilish va yangi ko‘rsatmalarni kutish haqida ogohlantirish yubordi. Hodisa vaqtida parlament binosida ham signal berilib, deputatlar va vazirlar boshpanaga olib o‘tilgan.

Mudofaa vaziriga ko‘ra, NATO havo patrul missiyasi faollashtirilgan va havo hududiga kirgan dronni aniqlash hamda zararsizlantirish ishlari boshlangan. Biroq dronni topishning imkoni bo‘lmagan. Uning Litva hududidan chiqib ketgan yoki qulagani hozircha aniqlanmagan. Rasmiylar hodisa taxminan bir soat davom etganini va keyin xavf signali bekor qilinganini bildirdi.

Foto: Reuters

Ma’lumot uchun, so‘nggi oylarda shubhali dronlar tahdidi bilan bog‘liq xavfsizlik hodisalari Boltiqbo‘yi mintaqasida tez-tez kuzatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiyada Xelsinki aeroporti Uusimaa mintaqasida dron uchirilishi haqidagi ogohlantirish ortidan faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi.