Yangiliklar

Oila va xotin-qizlar maskanlari 18 ta KPI ko‘rsatkich asosida baholanadi

To‘rtta yo‘nalish bo‘yicha
Oila va xotin-qizlar maskanlari 18 ta KPI ko‘rsatkich asosida baholanadi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Oila va xotin-qizlar maskanlari faoliyati samaradorligi endilikda 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha 18 ta KPI ko‘rsatkich asosida baholab boriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hukumat qarori bilan «Oila va xotin-qizlar maskanlari faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) hisoblash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom maskanlar faoliyatini baholashda KPI ko‘rsatkichlarini hisoblash tartibini belgilaydi.

Qarorga muvofiq, nizom talablari barcha tuman (shahar) maskanlari uchun majburiy hisoblanadi. KPI hisob-kitoblari har oy yakunida amalga oshirilib, har chorak va yil yakunida tahlil qilinadi.

KPI hisoblash jarayonida bir qator rasmiy manbalardan olingan ma’lumotlar asos sifatida qabul qilinadi. Ular qatoriga FHDYo organlari, sud organlari, ichki ishlar organlari va «E-ijtimoiy profilaktika» axborot tizimi, sog‘liqni saqlash va bandlik organlari ma’lumotlari hamda maskanning elektron hisobot bazasi kiradi.

Shuningdek, KPI tizimi 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha 18 ta ko‘rsatkichni o‘z ichiga olishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rni yaratganlarga subsidiya berilishi haqida yozgan edik.