
2030-yilga borib O‘zbekistonda mobil ulanishlarning 40 foizdan ortig‘i 5G tarmoqlarida ishlaydi. Prognoz GSMA assotsiatsiyasi tomonidan Samarqandda bo‘lib o‘tgan M360 Eurasia 2026 forumida taqdim etildi.
Assotsiatsiya tadqiqotiga ko‘ra, Yevrosiyo mintaqasida 5-avlod tarmoqlariga o‘tish jarayoni tezlashib bormoqda. 2030-yilga kelib mintaqadagi barcha mobil ulanishlarning taxminan 30 foizi 5G hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Qozog‘iston mintaqaning eng ilg‘or telekommunikatsiya bozorlaridan biri sifatida qolmoqda. Tadqiqotga ko‘ra, mamlakatdagi mobil ulanishlarning qariyb 26 foizi allaqachon 5G tarmoqlarida ishlamoqda.
Sohaviy tahlillarga ko‘ra, 2025-yil o‘rtalariga kelib Kcell operatori Qozog‘istonning 20 shahrida taxminan 1846 ta 5G baza stansiyasini o‘rnatgan, mamlakat bo‘yicha umumiy 5G stansiyalar soni esa 3 mingdan oshgan.
O‘zbekiston esa hozircha 5G rivojlanishining nisbatan dastlabki bosqichida — 5-avlod ulanishlari ulushi taxminan 5 foizni tashkil etadi. Biroq assotsiatsiya infratuzilmaning kengayishi va tezlashishini kutmoqda.
Tadqiqotda yana qayd etilishicha, 2030-yilgacha Yevrosiyo operatorlari mobil infratuzilma uchun taxminan $32 mlrd investitsiya kiritadi.
GSMA mintaqadagi asosiy muammolar sifatida chastotalarni taqsimlash, infratuzilmaga investitsiyalar va pilot loyihalardan tashqariga chiqib tarmoqlarni kengaytirishni sanab o‘tdi.
GSMA ta’kidlashicha, 5G rivoji Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt xizmatlari va biznes unumdorligi o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 14,8 trillion so‘mga yetgani haqida yozgan edik.