Avto

O‘zbekistonda elektromobil savdosi ikki baravarga oshdi

Aprel oyida respublika bo‘yicha barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 88,2 ming donani tashkil etgan
O‘zbekistonda elektromobil savdosi ikki barobarga oshdi
Foto: Olx / SI yordamida sayqallangan

Aprel oyida O‘zbekistonda 8,1 mingta elektromobil sotilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobar o‘sishni ko‘rsatdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) sharhida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, aprel oyida respublika bo‘yicha barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 88,2 ming donani tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,9 foizga kam. Yil boshidan buyon mamlakatda jami 348,5 mingta avtotransport vositasi sotilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 foizga ko‘p.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda avtomobil bozori hajmi 11,8 foizga oshdi. Farg‘ona viloyatida o‘sish 11 foizni, Samarqand viloyatida esa 10,9 foizni tashkil qildi. Aprel oyida yangi yengil avtomobillar savdosi 24,9 ming donaga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 foizga kam.

Avtomobil savdosidagi o‘zgarish

Grafik: CERR

Shu bilan birga, birlamchi bozorda asosiy ulush mahalliy avtomobillarga to‘g‘ri keldi. Aprelda mahalliy ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar savdosi qariyb 21,3 ming donani tashkil etdi. Bu yillik hisobda 4 foizlik o‘sish demakdir. Yangi avtomobillar bozoridagi pasayish asosan xorijiy avtomobillar savdosi qisqargani bilan bog‘liq bo‘ldi. Aprel oyida yangi xorijiy avtomobillar savdosi taxminan 3,6 ming donani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizdan ortiq kam.

Ikkilamchi bozorda ham pasayish davom etdi. Aprel oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 43,7 ming donani tashkil qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizdan ortiq kam.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda Volkswagen va Foton avtomobil zavodlari ishga tushirilishi haqida yozgan edi.