
Ayrim pedagoglar uchun ichki avia va temiryo‘l chiptalariga chegirma berish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi mumkin. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan.
Qaror loyihasi bilan 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab respublika reytingida reytingi eng yuqori 100 ta maktab, 100 ta bog‘cha, 20 ta texnikum va 10 ta oliy ta’lim muassasasi pedagoglariga mamlakat bo‘ylab sayohat qilish uchun avia va temiryo‘l chiptalarining ekonom-klass hamda kupe yoki platskart turlariga 15 foiz chegirma beriladi.
Ushbu tartibga ko‘ra, har bir pedagogga kalendar yil davomida bir marotaba ichki yo‘nalishlarda (yuqori tezlikdagi poyezdlar bundan mustasno) borish-kelish safarlari uchun chegirma asosida chipta olish imkoniyati yaratiladi. Chiptalarni rasmiylashtirish tegishli ta’lim tashkilotlari tomonidan beriladigan ma’lumotnoma hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan chiptalar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi hamda elektron platformalar orqali ham xizmat ko‘rsatiladi. Chegirmalar bilan bog‘liq xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Jarayon Transport vazirligi hamda tegishli ta’lim vazirliklari tomonidan nazorat qilinadi.
Hozirda mazkur tashabbus tegishli qaror loyihasi shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, taklif va mulohazalar o‘rganilmoqda. Yakuniy qaror muhokamalar natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarida 50 foizlik chegirma berilishi haqida yozgan edik. Imtiyozlar ko‘chmas mulk obyektlarining davlat kadastri sohasidagi xizmatlar, umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash va sertifikat berish, rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish va boshqa qator xizmatlarni qamrab oladi.