
2027-yil 1-yanvardan soliq tizimi rivojiga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida «Soliq xizmati fidoyisi» ko‘krak nishoni joriy etiladi. Bu haqida Prezident farmonida keltirilgan.
Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlar taqdim etgan ma’lumotlar asosida hisoblanadi. Shu bilan birga, soliq to‘lovchilarning soliq hisobotini topshirish majburiyati bekor qilinadi.
Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditini yopishga yo‘naltirilgan daromadlari uchun soliq imtiyozlari proaktiv tartibda qo‘llanadi. Imtiyoz natijasida ortiqcha to‘langan mablag‘ fuqaro murojaatidan keyin 10 ish kuni ichida qaytariladi.
Farmon bilan ketma-ket oxirgi 12 oy davomida to‘langan soliqlar, yig‘imlar va davlat boji hajmi BHMning 500 ming baravaridan oshgan korxonalar hamda tijorat banklari o‘ta yirik soliq to‘lovchi sifatida tan olinadi.
2026/2027 o‘quv yilidan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi. Unda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 35 ta tuman va shaharga yangi soliq rahbarlari tayinlangandi. Unga ko‘ra, yangi tayinlovlarda zamonaviy boshqaruv yondashuviga ega, professional va yosh kadrlar tanlab olingan. Shuningdek, rahbarlar tarkibida to‘rt nafar ayol ham bor bo‘lib, ular G‘ozg‘on, Shirin, Muborak va Termiz tumanlarida faoliyat yuritadi.