
Sony o‘zining X1000 seriyali quloqchinlarining 10 yilligiga bag‘ishlangan 1000X The Collexion modelini taqdim etdi va sotuvga chiqardi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’um qilindi.
Yangi qurilma ikki xil qora va oq ranglarda ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning narxi $650 etib belgilangan. 1000X The Collexion quloqchinlarining sharnir qismi va bosh tasmasi metalldan tayyorlangan, bu esa unga avvalgi modellarga qaraganda ko‘proq premium va ishonchli ko‘rinish bag‘ishlaydi.

Mutaxassislar qurilmaning tashqi ko‘rinishi hamda taqishga qulayligini ijobiy baholashgan. Biroq yangi materiallar quloqchinlarni og‘irlashtirgan — uning vazni 320 gramm bo‘lib, avvalgi XM6 modelidan 67 gramm og‘irroq. Ovoz sifati uchun 30 millimetrli ikkita qayta ishlangan drayver javobgar.

Sharhlovchilarning fikriga ko‘ra, qurilmaning ovozi juda yaxshi, lekin XM6 ga nisbatan farqi unchalik sezilarli emas. Shovqinni bekor qilish (ANC) tizimi XM6 da bo‘lgani kabi oltita mikrofon orqali ishlaydi. Garchi Sony quloqchinlari uchun bu tizim odatda mukammal hisoblansa-da, tanqidchilarning aytishicha, u Apple kompaniyasining flagman modeli AirPods Max 2 dan biroz ortda qoladi.

Shuningdek, Sony quloqchinlarga stereosignalni hajmli ovoz maydoniga aylantiradigan 360 Upmix texnologiyasini ishga tushirish tugmasini qo‘shgan. Oldinlari bu funksiya faqat dastur orqali faollashtirilar edi. Ammo ko‘plab ekspertlar 360 Upmix funksiyasining unchalik yaxshi ishlamayotganini ta’kidlashgan.

1000X The Collexion batareyasi shovqinni bekor qilish rejimida 24 soatgacha xizmat qiladi. Bu yaxshi ko‘rsatkich, lekin u 30 soat ishlagan XM6 ga yutqazadi. Tez zaryadlash ham sekinlashgan — endilikda besh daqiqalik quvvatlanish orqali 1,5 soat musiqa tinglash mumkin, XM6 da esa uch daqiqada 3 soatlik natija olingan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Buds4 va Buds4 Pro rasman taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.