Yangiliklar

Toshkent metrosida yo‘lkira masofaga qarab hisoblash tizimi joriy etiladi

Bekatlar soni 79 taga, liniyalar uzunligi esa 103 kilometrga oshiriladi
Toshkent metrosida yo‘lkira masofaga qarab hisoblanadi
Foto: Pexels

Toshkent metrosida 2027-yildan yo‘lkirani bosib o‘tilgan masofa yoki bekatlar soniga qarab to‘lash tizimi joriy etiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, yo‘lovchilar uchun kunlik, haftalik va oylik abonementlar hamda ayrim toifalar uchun imtiyozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tizimi ishlab chiqiladi. Unda yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofasi yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi.

Yangi tartibni 2027-yil 1-yanvardan amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, «Toshkent metropoliteni» hamda Toshkent shahar hokimligiga xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqish topshirildi. Takliflar olti oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak. Ularda aholining ayrim toifalari uchun alohida imtiyozlar, shuningdek, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimi nazarda tutiladi.

Qarorda metro infratuzilmasi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha boshqa choralar ham belgilangan. Xususan, 2028-yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylarida hamda bekatdan-bekatga o‘tish yo‘laklarida vending apparatlari va kichik ko‘chma savdo obyektlari joylashtiriladi.

Bunda yo‘lovchilar xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Shuningdek, xususiy tadbirkorlarga metro tunnellari va bekatlarida auksion orqali ijara asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil etilib, Park & Ride tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim avtomobilni metro yaqinida qoldirib, keyingi yo‘lni metroda davom ettirish imkonini beradi.

Park & Ride doirasida avtoturargohdan foydalangan yo‘lovchilarga metro chiptalari bo‘yicha chegirmalar berilishi mumkin. Shuningdek, avtoturargoh haqini metro chiptasi orqali to‘lash mexanizmlari joriy etilishi rejalashtirilgan. Hujjatda 2030-yilgacha metropolitenni rivojlantirish bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar ham belgilangan. Unga ko‘ra, metroda kunlik yo‘lovchilar oqimi 1,8 mln nafarga yetkaziladi.

Shuningdek, bekatlar soni 79 taga, liniyalar uzunligi esa 103 kilometrga oshiriladi. Poyezdlar harakati intervalini 2–3 daqiqagacha qisqartirish ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yo‘lovchilar metrodan eng ko‘p foydalanadigan kunlar haqida yozgan edi.