
«Aston Villa» jamoasi Yevropa Ligasi finalida Germaniyaning «Frayburg» klubi ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozonib, 30 yil ichida ilk yirik sovrinini qo‘lga kiritdi.
Istanbuldagi «Beshiktash Park» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Aston Villa» safida Yuri Tilemans, Emi Buendiya va Morgan Rojers o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi.

Hisob burchak to‘pidan so‘ng Rojersning uzatmasini Tilemans darvozaga aniq yo‘llashi bilan ochildi. Birinchi bo‘lim oxirida Buendiya uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Uchinchi golga esa Buendiyaning uzatmasidan so‘ng Rojers mualliflik qildi.
Bu g‘alaba «Aston Villa» ustozi Unai Emeri uchun Yevropa Ligasidagi beshinchi unvonga aylandi. Bunga qadar u Ispaniyaning «Sevilya» (2014, 2015, 2016) va «Vilyarreal» (2021) klublari bilan ushbu nufuzli turnirda zafar quchgan edi. Emeri mazkur musobaqa tarixidagi eng sovrindor murabbiy maqomini yanada mustahkamladi.

Final bahsini tomosha qilish uchun stadionga Buyuk Britaniya taxti vorisi Shahzoda Uilyam ham tashrif buyurdi va jamoa muvaffaqiyatini muxlislar qatorida nishonladi. «Aston Villa» Angliya Premyer-ligasida mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunlash arafasida bo‘lib, kelasi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishni allaqachon naqd qilib qo‘ygan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Aston Villa» o‘z uyida «Bolonya»ni yanchib tashlagani haqida xabar bergan edi.
