
AQSh Adliya vazirligi Kubaning sobiq rahbari Raul Kastroga qotillik bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Bu haqda Deutsche Welle mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.
Ish 1996-yilda ikki fuqarolik samolyoti urib tushirilgani bilan bog‘liq. O‘sha hodisada to‘rt nafar AQSh fuqarosi halok bo‘lgan. Ayblov 20-may kuni Mayamida AQSh bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Todd Blansh tomonidan e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Raul Kastroga AQSh fuqarolarini o‘ldirishga til biriktirish, qotillik va samolyotlarni yo‘q qilish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
AQSh tomoniga ko‘ra, samolyotlar qurolsiz bo‘lgan va xalqaro havo hududida urib tushirilgan. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti ham keyinroq samolyotlar xalqaro suvlar ustida urib tushirilgan degan xulosaga kelgan. Kuba hukumati esa o‘sha vaqtda samolyotlar mamlakat havo hududini buzganini bildirgan.
Hodisa yuz bergan paytda Raul Kastro Kuba mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. Hozir u 94 yoshda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Kastro Kubada qolmoqda va uning AQShga ekstraditsiya qilinishi ehtimoli past baholanmoqda.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel ayblovlarni siyosiy qaror deb atadi. U AQSh tomonini 1996-yilgi voqealar atrofidagi holatni siyosiy maqsadda talqin qilishda aybladi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Kuba xalqiga murojaat qildi. U kubaliklarni amaldagi siyosiy rahbariyatdan yuz o‘girishga chaqirgan. Rubio kelib chiqishi kubalik muhojirlar oilasiga borib taqaladigan siyosatchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Karib dengizida «Melissa» to‘foni kamida 50 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.