Yangiliklar

Denovda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi va 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Denovda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi
Foto: Departament

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Denov tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida uch nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, boshqa fuqaroga 1,35 gramm «gashish» moddasini 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchilardan biri avval Jinoyat kodeksining 273, 276 va 251-1-moddalari bilan sudlangan. Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslardan jami 9,41 gramm «gashish» moddasi hamda 5 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi va 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Parkentda davlat zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lganlar ushlangani haqida yozgan edi.