
Samarqandning «Dinamo» klubi futbolchilari o‘tgan yilning dekabr oyidan buyon maosh olmagan va 3 nafar xorijlik o‘yinchi jamoani tark etgan. Bu haqda klub bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
O‘zbekiston kubogi 3-turi doirasida o‘tgan «Dinamo» hamda «Lochin» (4:2) uchrashuvidan so‘ng bosh murabbiy Vadim Abramov jamoaning joriy holati haqida gapirdi. Murabbiyning ta’kidlashicha, «Dinamo» kubok bahslari bilan xayrlashgan va endi bor e’tiborini chempionatga qaratadi.
«Bu qachongacha davom etishini bilmayman. Samarqandga futbol kerak emasdek», – dedi Abramov mavsumning muvaffaqiyatsiz o‘tayotgani haqidagi savolga javoban.
Uchrashuv davomida samarqandliklar 4:0 hisobida oldinda borayotgan bo‘lishiga qaramay, yakunda 2 ta gol o‘tkazib yuborgan. Murabbiy buni futbolchilarning hissiyotga berilgani va taktik ko‘rsatmalarga amal qilmagani bilan izohladi. Shuningdek, bosh murabbiy futbolchilar maosh ololmayotgan bir sharoitda kelajakdagi rejalar haqida gapirish qiyin ekanini qo‘shimcha qildi.
«Futbolchilar dekabrdan beri maosh olishmayapti. Qanday reja haqida gapirish mumkin? 3 nafar xorijliklar ketishdi. Bunday vaziyatda rejalar haqida gapirish qiyin», – deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Tarkibdagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Jaloliddin Jumaboyev jarohat olgani va uning tiklanishi uchun ko‘proq vaqt talab etilishi aytildi. Ammo ijobiy yangilik sifatida «Dinamo»ning 2 nafar a’zosi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Jahon chempionatiga borishi mumkinligi qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vadim Abramov 1 mln dollarlik shartnomadan nega voz kechganini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.