Yangiliklar

Fitosanitar nazorat tizimida jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

2026-yilning avgust oyidan boshlab
Fitosanitar nazorat tizimida jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini soddalashtirish hamda fitosanitar nazoratni takomillashtirish uchun tizimda jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Prezidentning «Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, tadbirkorlarning yuklarini ko‘rik uchun yo‘naltiriladigan omborlarda saqlash xarajatlari 60 mlrd so‘mgacha qisqartiriladi. Shuningdek, olib kirilayotgan o‘rta fitosanitar xavf darajasiga ega tovarlarni nazorat qilishga ketadigan vaqt o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kunigacha kamaytiriladi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab karantindagi mahsulotlar fitosanitar nazoratida xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy etiladi. Mazkur tizim «E-Fitouz» elektron portali orqali shakllantiriladi va Bojxona qo‘mitasining «Yagona darcha» axborot tizimi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilinadi.

Shuningdek, 2026-yil avgust oyidan sinov tariqasida meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan ayrim tumanlarda mahsulotlarni yetishtirishdan eksportgacha bo‘lgan jarayonda fitosanitar nazoratni amalga oshirish uchun jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, 2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha $10 mlrdga yetkazish va eksport yo‘nalishlarini yana 100 ta davlatga ko‘paytirishni maqsad qilgan.