Yangiliklar

Ilon Mask SpaceX kompaniyasidan qancha maosh oladi

Mask uchun alohida mukofot dasturi nazarda tutilgan
Ilon Mask SpaceX kompaniyasidan qancha maosh oladi
Foto: Getty images

SpaceX kompaniyasi IPO oldidan investorlar uchun taqdim etgan hujjatda kompaniya rahbari Ilon Mask oladigan maoshni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, milliarderning bazaviy yillik maoshi 2019-yildan beri $54 ming darajasida qolmoqda.

Biroq Mask uchun alohida mukofot dasturi nazarda tutilgan. U belgilangan maqsadlarga erishilgan taqdirda aksiyalar olishi mumkin. Mask maksimal mukofotga ega bo‘lishi uchun SpaceX Marsda kamida 1 mln aholiga ega doimiy koloniya yaratishi kerak. Bundan tashqari, kompaniya bozor qiymati $7,5 trlngacha yetishi lozim.

SpaceX prospektida investorlar uchun xatarlar 38 sahifada bayon qilingan. Eng muhim xavflardan biri Starship dasturi bilan bog‘liq. Kompaniya strategiyasi ko‘p jihatdan ushbu qayta ishlatiladigan og‘ir raketa loyihasiga tayanadi.

SpaceX Starship bo‘yicha maqsadlarga kutilgan muddatda erishilishini yoki umuman erishilishini kafolatlay olmasligini bildirgan. Bu yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlarini uchirish va orbitadagi data-markazlar loyihalariga ham ta’sir qilishi mumkin.

Kompaniya ko‘plab loyihalar ilgari amalda sinab ko‘rilmaganini tan olgan. Bunga orbitadagi data-markazlar, Oy va Marsni o‘zlashtirish bilan bog‘liq tashabbuslar kiradi. Raketalarning uchirilishi doim avariya xavfi bilan bog‘liq. SpaceX raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar va foydali yuklarni sug‘urta qilmasligini bildirgan. Ular yo‘qotilgan taqdirda moliyaviy zarar kompaniyaning o‘z zimmasida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SpaceX kompaniyasi IPO oldidan qariyb $5 mlrd zarar ko‘rganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.