Yangiliklar

Nyu-York shahrida kuchli yomg‘ir yo‘llarni suv bosishiga olib keldi

Hodisa chorshanba kuni kechqurun kuzatilgan
Nyu-Yorkda kuchli yomg‘ir yo‘llarni suv bosishiga olib keldi
Foto: NYT

Nyu-York shahrida kuchli yomg‘ir va momaqaldiroq oqibatida ayrim yo‘llarni suv bosdi. Ba’zi hududlarda daraxtlar qulab, harakatga xalaqit berdi, deya xabar bermoqda mahalliy nashrlardan biri Eyewitness news.

Hodisa chorshanba kuni kechqurun kuzatilgan. WABC xabariga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik shahar infratuzilmasiga ta’sir qilgan. AQSh Milliy ob-havo xizmati Bruklin, Staten-Aylend, Kvins va Manxetten uchun suv toshqini bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilgan.

Aholidan suv bosgan yo‘llarda avtomobil haydamaslik so‘ralgan. Shuningdek, suv bilan qoplangan hududlardan piyoda o‘tmaslik tavsiya etilgan. Kvinsdagi Yamayka hududida yo‘llarni suv bosgani aks etgan videolar tarqaldi. Xususan, 100-32 204-ko‘cha atrofida suv yo‘l qatnoviga xalaqit bergan.

Bruklinda esa kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida katta daraxt qulagan. U Kings Highway chorrahasida yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Mahalliy faollar va aholi suv bosgan ko‘chalar tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan. Rasmiylar holat bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Raul Kastroga qotillik bo‘yicha ayblov e’lon qilgani haqida yozgan edi.