Yangiliklar

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yangi qo‘mita tashkil etiladi

2027-yil 1-yanvardan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi ayrim funksiyalar bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi
Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yangi qo‘mita tashkil etiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi tizimi joriy etiladi. Bu prezident farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, sohadagi takrorlanuvchi funksiyalar qisqartirilib, yagona boshqaruv tizimi yaratiladi. Shuningdek, «daladan dasturxongacha» tamoyili asosida xavf tahliliga tayangan nazorat tizimi joriy etiladi.

Farmon bilan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tuziladi.

Hujjatga asosan, amaldagi sanitariya qoidalari Alimentarius kodeksi, WOAH va IPPC xalqaro standartlariga moslashtiriladi.

Shuningdek, qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti tashkil etilishi belgilangan.

2027-yil 1-yanvardan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi ayrim funksiyalar bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq fitosanitar nazorat tizimida jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi. Qarorga muvofiq, tadbirkorlarning yuklarini ko‘rik uchun yo‘naltiriladigan omborlarda saqlash xarajatlari 60 mlrd so‘mgacha qisqartiriladi. Shuningdek, olib kirilayotgan o‘rta fitosanitar xavf darajasiga ega tovarlarni nazorat qilishga ketadigan vaqt o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kunigacha kamaytiriladi.