
Toshkent viloyatining Parkent tumanida davlat zaxirasidagi yerni noqonuniy sotish bilan bog‘liq holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, tuman mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi va 1970-yilda tug‘ilgan fuqaro 10 sotix yer maydonini xaridorga $20 mingga sotishga kelishgan. Ular Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali muhandisiga $2 mingdan $3 minggacha pul berish orqali yer hujjatlarini rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida mahalla raisi, kadastr muhandisi hamda 1970-yilda tug‘ilgan fuqaro $17 ming va 37 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda noqonuniy dori ishlab chiqarish sexi aniqlangani haqida yozgan edi.