
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbari muftiy hazratlari orqali Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarni Qurbon hayiti bilan samimiy tabrikladi.
So‘nggi yillarda har yili 15 ming nafardan ortiq fuqaro Haj safariga yuborilmoqda. Bu yil esa ilk bor mehnat faxriylari, mahalla faollari, nuroniylar, kam ta’minlangan oilalar vakillari va ularning oila a’zolaridan iborat 100 nafar yurtdosh davlat hisobidan Haj safariga jo‘natildi.
Suhbat davomida ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar va tashkiliy ishlar muhokama qilindi. Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida hojilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani, ibodat jarayonlari uyushqoqlik bilan o‘tayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, yurtdoshlarimiz muqaddas maskanlarda turib mamlakat tinchligi va xalq farovonligi uchun duolar qilayotgani qayd etildi.
Muloqotda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ham alohida tilga olindi. Jumladan, Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi maskanlar ulug‘ ajdodlar merosini keng targ‘ib qilishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yaqinda Qurbon hayitini yurtimizda keng nishonlash bo‘yicha prezident qarori qabul qilingani eslatildi. Unga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish hamda 2 mingga yaqin og‘ir xastalikka chalingan fuqarolarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Masjid va qabristonlarni obod qilish ishlari uchun ham alohida resurslar yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yilgi Qurbon hayiti sanasi va dam olish kunlari rasman belgilangan edi.