Yangiliklar

Qo‘qonda Malibu haydovchisi uch nafar 10 yoshli qizlarni urib yubordi, bir qiz vafot etdi

Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qo‘qonda Malibu haydovchisi uch nafar 10 yoshli qizlarni urib yubordi / Foto: Farg‘ona IIB

Qo‘qon shahrida voyaga yetmagan Malibu haydovchisi uch nafar 10 yoshli qizlarni urib yubordi. Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir qiz vafot etdi, deya xabar qilmoqda Farg‘ona IIB.

Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan bola 20-may kuni soat 16:00 atrofida Malibu 2 avtomashinasida Qo‘qon shahri Amir Temur ko‘chasida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. U piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 2016-yilda tug‘ilgan uch nafar voyaga yetmagan qizni urib yuborgan.

YTH oqibatida qizlardan biri olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgan. Qolgan jabrlanuvchilarning holati haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.

Mazkur holat yuzasidan avtomashina boshqaruvidagi voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, u Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda Cobalt haydovchisi ikki nafar voyaga yetmagan bolani urib yuborgan edi.