
Standard Chartered banki keyingi to‘rt yil ichida sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalangan holda 7000 dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Bank bosh direktori Bill Vinters ushbu qadam xarajatlarni qisqartirish emas, balki past qiymatli inson kapitalini texnologik va moliyaviy sarmoyalarga almashtirish ekanligini ta’kidladi. O‘zgarishlar asosan bankning korporativ yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi 52 ming xodimiga ta’sir ko‘rsatib, 2030-yilga qadar ularning 15 foizi qisqartiriladi.
Qisqartirishlar, shuningdek, Chennay, Bangalor, Kuala-Lumpur va Varshava kabi shaharlardagi orqa ofis markazlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Umumiy hisobda 82 mingga yaqin xodimga ega bo‘lgan moliya muassasasi xohlovchi xodimlar uchun qayta tayyorlash imkoniyatini taqdim etishini ma’lum qildi. Avtomatlashtirish va sun’iy idrokning joriy etilishi bankning daromadliligini oshirishga yo‘naltirilgan. 2028-yilga borib rentabellikni 15 foizdan, 2030-yilda esa 18 foizdan oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, bank yuqori daromadli biznesga, jumladan, chakana mijozlar va moliya institutlari bilan ishlashga e’tiborni kuchaytiradi. Shu maqsadda, dastlab 2029-yilga mo‘ljallangan $200 mlrd yangi mablag‘ jalb etish rejasi 2028-yilga ko‘chirildi. Ma’lumot o‘rnida, Standard Chartered banki Angliyaning «Liverpul» futbol klubining rasmiy va bosh homiysi hisoblanadi.
Avvalroqq Kursiv Uzbekistan Aston Martin xarajatlarni qisqartirish uchun 20% xodimni ishdan bo‘shatishi haqida xabar bergan edi.