Yangiliklar

Toshkentda Dubayga olib ketilayotgan qariyb 2 kg oltin ushlab qolindi

Katta miqdordagi oltin quymalar yo‘lovchining chemodani ichki tayanch qismiga yashirilgan bo‘lgan
Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Toshkent xalqaro aeroportida Dubayga uchishni rejalashtirgan yo‘lovchining chemodanidan qariyb 2 kilogramm miqdorida yashirilgan oltin quymalar topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent-Aero ixtisoslashtirilgan bojxona majmuasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi oltin quymalarning mamlakatdan noqonuniy olib ketilishiga chek qo‘yildi.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Toshkent – Dubay yo‘nalishida parvoz qilishni rejalashtirgan, 1980-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi shaxsning yuklari tekshiruvdan o‘tkazilganda ushbu qoidabuzarlik aniqlangan.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Unga tegishli chemodanning ichki tayanch qismiga jami 1 kg 923 gr oltin quymalar yashirilganligi ma’lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Shuningdek, ushbu noqonuniy harakatga 1992-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan sudlangan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Parkentda davlat zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lganlar ushlangani haqida xabar bergan edi.