
2026-yilning birinchi choragida Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan festival va bayram tadbirlariga 75 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga ko‘ra, jamg‘arma hisobidan jami 431 mlrd so‘m xarajat qilingan.
Eng katta mablag‘lardan biri infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu maqsadlar uchun 127,7 mlrd so‘m ajratilgan. Mahallalarni kompleks rivojlantirish uchun 108,5 mlrd so‘m, hududlarni obodonlashtirish uchun esa 91,7 mlrd so‘m sarflangan.

Shuningdek, ijtimoiy obyektlarni qurish va ta’mirlash uchun 21,1 mlrd so‘m ajratilgan. Bank va boshqa xarajatlar uchun esa 3 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.
Ushbu davrda jamg‘arma hisobiga jami 254,2 mlrd so‘m tushum tushgan. Eng katta mablag‘ yer uchastkalarini sotish (144,9 mlrd so‘m) va arxitektura rejalashtirish topshirig‘i berilganligi uchun belgilangan qo‘shimcha yig‘imdan (78,3 mlrd so‘m) tushgan.
Bundan tashqari, ART yig‘imidan tushum, Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini shaharsozlik faoliyati obyektini qurish yoki rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha to‘lovdan 2026-yil I chorakda jami, 78,0 mlrd so‘m tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 – 9-may kunlari Toshkent shahrida gullar festivali bo‘lib o‘tgandi. Festival doirasida turli gullar kompozitsiyalari va ko‘rgazmalar namoyish qilindi.
Shuningdek, mehmonlar uchun taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari, badiiy jamoalar chiqishlari hamda interaktiv ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi.