Yangiliklar

AQSh kompaniyasi O‘zbekiston bilan neft konlarini burg‘ilash va ishlab chiqish sohasida hamkorlik qiladi

Uchrashuvda geologiya-qidiruv, burg‘ilash, raqamlashtirish va konlarni modellashtirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikning joriy holati ko‘rib chiqilgan
AQSh kompaniyasi O‘zbekiston bilan neft konlarini burg‘ilash va ishlab chiqish sohasida hamkorlik qiladi
Foto: Energetika vazirligi

AQShning SLB kompaniyasi O‘zbekiston bilan neft konlarini burg‘ilash va ishlab chiqish sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

21-may kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov SLB kompaniyasining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Shon Shohdi bilan uchrashdi. Muzokarada SLB’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Aleksandr Boykov hamda ikki tomonning mas’ul vakillari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda geologiya-qidiruv, burg‘ilash, raqamlashtirish va konlarni modellashtirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikning joriy holati ko‘rib chiqilgan. Tomonlar murakkab uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni ham muhokama qilgan.

Muzokaralarda raqamli ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, konlarni ishlab chiqish samaradorligini oshirish va uglevodorod qazib chiqarish bo‘yicha qisqa hamda uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqilgan.

SLB kompaniyasi O‘zbekistondagi profil oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari bo‘yicha tajribasini taqdim etdi. Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin hamkorlik va axborot almashinuvini davom ettirishga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, SLB dunyodagi eng yirik neft servis kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 1926-yilda tashkil etilgan. Uning bosh qarorgohi AQShning Xyuston shahrida joylashgan. Bugungi kunda SLB 120 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash, raqamlashtirish, konlarni modellashtirish va uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish bo‘yicha texnologik yechimlar taklif qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonda vakolatxona ochishi haqida yozgan edi.