
BMT Kongo Demokratik Respublikasida qayd etilgan Ebola virusining yangi tarqalishini jilovlash uchun $60 mln va zarur mutaxassislarni safarbar qiladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
BMTning gumanitar yordam bo‘yicha rahbari Tom Fletcher ma’lum qilishicha, tashkilot favqulodda vaziyatlar jamg‘armasidan Ebola tarqalishiga qarshi kurash uchun qariyb $60 mln ajratmoqda. Shu bilan birga, hududga qo‘shimcha xodimlar ham yuborilmoqda.
Tom Fletcher o‘z bayonotida Ebola tarqalishini imkon qadar tezroq nazorat ostiga olish zarurligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududdagi qurolli mojarolar va aholining yuqori darajadagi harakati qutqaruv hamda tibbiy yordam ishlarini murakkablashtirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, virus Kongo Demokratik Respublikasining Ituri provinsiyasida aniqlanmasdan taxminan ikki oy davomida tarqalgan bo‘lishi mumkin. Kasallik o‘tgan hafta rasman aniqlangan.
Tarqalayotgan Ebola virusi Bundibugyo shtammi bo‘lib, ushbu variant uchun hozircha tasdiqlangan vaksina mavjud emas. Ayni paytgacha kasallik bo‘yicha 670 ta gumonli holat qayd etilgan bo‘lib, ulardan 160 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongoning sharqida joylashgan Rvampara umumiy shifoxonasida olomon Ebola vahimasi sabab shifoxona chodirlariga o‘t qo‘ygani haqida xabar bergan edik.