
O‘zbekiston bo‘ylab dam olish kunlarida beqaror ob-havo saqlanib qoladi va hududlarning katta qismida yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda kuchli jala va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Buxoro va Navoiy viloyatlarining faqat ayrim joylarida qisqa muddatli biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Shamol tezligi soniyasiga 7-12 metrni tashkil etadi, ba’zi joylarda 13-18 metrgacha kuchayishi mumkin. Shimoliy va cho‘l hududlarda, shuningdek, respublikaning janubida chang-to‘zonlar kuzatilishi taxmin qilinmoqda.
Toshkent shahrida bugun kunduzi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Havo harorati 22-24 daraja iliq bo‘ladi.
23-may kuni esa poytaxtda, asosan, yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda. Biroq kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 25-27 darajagacha isishi aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 22-may kuni qaysi hududlarda yog‘ingarchilik kuzatilishi haqida xabar bergan edi.