Yangiliklar

Har bir to‘p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing! — prezident

Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha milliy terma jamoaga murojaat qildi
Har bir to‘p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing / Foto: President matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashuvda futbolchilarni mundial oldidan qo‘llab-quvvatlab, ularga ishonch bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida bugungi kunda terma jamoa bilan katta tajriba va chempionlik xarakteriga ega murabbiy — Fabio Cannavaro boshchiligidagi shtab faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Fabio Kannavaro 2006-yilda Germaniyada o‘tkazilgan jahon chempionatida Italiya terma jamoasi sardori sifatida mundial g‘olibiga aylangan. O‘sha yili u dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan hamda «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritgan kam sonli himoyachilardan biri bo‘lgan.

Shuningdek, yangi murabbiy jismoniy tayyorgarlik va hujumchilar bilan ishlovchi mutaxassislar, shifokor, nutritsiolog hamda oshpazlarni jalb qilib, xalqaro tajribaga ega professional jamoa shakllantirgani ta’kidlandi.

Foto: President matbuot xizmati

«Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman», — dedi davlat rahbari murabbiylar shtabiga murojaat qilib.

Prezident futbolchilarga qarata aytgan nutqida jahon chempionatida oson o‘yin bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi terma jamoalar bilan o‘ynaysizlar. Xalqimiz har bir o‘yinda sizlardan g‘alaba kutishi tabiiy, albatta. Lekin bir narsani doimo yodda tuting: sizlar tarixni allaqachon yaratib bo‘ldingiz», — dedi Mirziyoyev.

Davlat yetakchi futbolchilarni ortiqcha bosimsiz va hech kimdan hayiqmasdan maydonga tushishga chaqirdi.

«Har bir to‘p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing», — dedi prezident.

Mirziyoyev so‘zining yakunida xalq va davlat terma jamoaga ishonishini ta’kidlab, futbolchilarga Vatan sharafini munosib himoya qilish va mardonavor o‘ynash tilagini bildirdi:

«Yodingizda bo‘lsin: el-yurtimiz sizlarga ishonadi, prezident sizlarga ishonadi! Boringlar, mardonavor o‘ynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar!»

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Har bir mahalla – futbol maydoni» dasturi boshlanishi haqida yozgan edik.