Yangiliklar

Jahon chempionatida futbolchilarimizni Yaratganning o‘zi qo‘llasin — prezident

O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga kuzatildi
Jahon chempionatida futbolchilarimizni Yaratganning o‘zi qo‘llasin! / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasini Futbol bo‘yicha jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etib, futbolchilarga oq fotiha berdi. Tadbir Bunyodkor stadionida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Diyorbek Parpiyev / Kursiv Uzbekistan

«Bugun o‘zbek futboli uchun yana bir tarixiy kun. Katta ishonch va ezgu tilaklar bilan milliy terma jamoamizni AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga kuzatamiz», — dedi Mirziyoyev o‘z nutqida.

Davlat rahbari futbolchilarni tarbiyalagan ota-onalar, murabbiylar va barcha mutaxassislarga minnatdorlik bildirib, muxlislarning sadoqatini alohida e’tirof etdi.

Foto: Diyorbek Parpiyev / Kursiv Uzbekistan
Foto: Diyorbek Parpiyev / Kursiv Uzbekistan

Shuningdek, davlat yetakchisi fan-klublar faoliyatiga to‘xtalib, ularning stadiondagi faolligi jamoa uchun «o‘n ikkinchi o‘yinchi» vazifasini bajarayotganini qayd etdi. U yurt bo‘ylab futbolga qiziqish ortib borayotganini, yoshlar orasida yangi iqtidorlar yetishib chiqayotganini ham alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda sport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida 100 gektardan ortiq hududda Olimpiya shaharchasi barpo etilgani va Yangi Toshkentda FIFA standartlariga mos 55 ming o‘rinli stadion qurilayotgani ma’lum qilindi.

«Xalqimiz yuqori kayfiyat bilan sizlarga oq fotiha berib, katta mundialga kuzatyapti. Sizlar maydonda jasorat va matonat bilan o‘ynashingizga ishonamiz», — dedi prezident.

U, shuningdek, Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda jamoaga omad tiladi.

Foto: Diyorbek Parpiyev / Kursiv Uzbekistan
Foto: Diyorbek Parpiyev / Kursiv Uzbekistan

«Bugun sizlar qatori mening qalbim ham faxr va iftixorga to‘lib turibdi… Yashasin o‘zbek futboli! Yashasin Yangi O‘zbekiston yoshlari!» — deya nutqini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish maqsadida «Har bir mahalla – futbol maydoni» dasturi boshlanishi haqida yozgan edik.