Sport

Krishtianu Ronaldu «Al-Nassr» bilan Saudiya chempioni bo‘ldi

Jamoa so‘nggi turda «Damak» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida 11-marta liga g‘olibiga aylandi
Foto: AFP

21-may kuni «Al-Nassr» jamoasi o‘z maydonida «Damak» klubini mag‘lubiyatga uchratib, Saudiya Pro ligasi chempioniga aylandi. Ushbu muvaffaqiyat portugaliyalik yulduzning ligaga ko‘chib o‘tganidan beri qo‘lga kiritgan ilk ichki chempionligi hisoblanadi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi so‘ngida Sadio Mane hisobni ochgan bo‘lsa, tanaffusdan so‘ng darhol Kingsli Koman ustunlikni oshirdi. Shundan so‘ng Krishtianu Ronaldu ikkita gol urib, jamoasining yirik g‘alabasini ta’minladi. Hujumchi o‘yin yakunlanishiga uch daqiqa qolganida muxlislarning gulduros qarsaklari ostida zaxiraga olindi.

Foto: X.com / AlNassrFC

Klub chempionlik yo‘lida o‘zining azaliy raqobatchisi «Al-Hilol»ni ikki ochkoga ortda qoldirdi. O‘tgan haftada braziliyalik darvozabon Bentoning qo‘shib berilgan vaqtdagi xatosi sababli jamoa aynan «Al-Hilol» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan va chempionlikni rasmiylashtirish imkoniyatini boy bergandi.

Foto: X.com / AlNassrFC

Ushbu chempionlik portugaliyalik yulduzning faoliyatidagi 34-yirik sovrin hisoblanadi. Ronaldu «Al-Nassr» bilan 2023-yilda Arab klublari chempionlar kubogida ham zafar quchgan, ammo ushbu turnir FIFA tomonidan rasman tan olinmagan hisoblanadi. Joriy mavsumda Ronaldu Saudiya Pro ligasida 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 28 ta gol va 3 ta golli uzatmani qayd etgan.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonning mundialdagi raqibi Portugaliya yakuniy tarkibini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.