
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 500 ming so‘mlik yangi banknot haqidagi xabarlarni rad etdi.
Regulyatorga ko‘ra, bu xabarlar asossiz. Hozirda yangi pul belgisini muomalaga chiqarish masalasi ko‘rib chiqilmayapti.
Markaziy bank qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida banknot va tangalarni muomalaga chiqarish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega.
Yangi pul belgisi chiqarilsa, bu haqda avval Oliy Majlis Senati Kengashi tegishli qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng Markaziy bank yangi banknot tavsifi va muomalaga chiqarilish sanasini OAVda e’lon qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar orasida 100 ming so‘mlik banknot eng ko‘p ishlatilayotgan kupyura ekani ma’lum qilingandi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar hajmi 68 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi davrga nisbatan 15 trillion so‘mga ko‘pdir. 2025-yil davomida Markaziy bank tomonidan 16,8 trillion so‘mlik qo‘shimcha naqd pullar muomalaga chiqarilgan. Natijada umumiy pul massasida naqd pullar ulushi 18,1 foizni tashkil qildi (2024-yilda – 19,2 foiz).