Yangiliklar

Meta kompaniyasi 8 ming nafar xodimini qisqartiradi

Jarayon 20-may kuni boshlangan va uch bosqichda amalga oshiriladi
Meta kompaniyasi 8 ming nafar xodimini qisqartiradi
Foto: Reuters

Meta kompaniyasi yangi qisqartirishlar to‘lqinini boshladi. Al Jazeera ma’lumotiga ko‘ra, qisqartirishlar taxminan 8 ming nafar xodimni qamrab oladi.

Jarayon 20-may kuni boshlangan va uch bosqichda amalga oshiriladi. Qisqartirishga kompaniyaning xavfsizlik xodimlari ham tushgan. Shuningdek, zararli kontent va nafratga asoslangan nutqlarni o‘chirish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar ham ishdan bo‘shatilmoqda.

Kiberxavfsizlik guruhlari va kontent dizayni bo‘limi a’zolari ham qisqartirishlar ro‘yxatiga kiritilgan. Meta vakillari Al Jazeera’ga AQShdagi xodimlarga kompensatsiya to‘lanishini tasdiqladi. Ular 16 haftalik ishdan bo‘shatish nafaqasini oladi.

Bundan tashqari, kompaniyada ishlagan har bir yil uchun yana qo‘shimcha ikki haftalik haq to‘lanadi. Facebook, Instagram va WhatsApp platformalarining bosh kompaniyasi ishga olish rejalarini ham qayta ko‘rib chiqmoqda. Meta 6 ming kishini ishga olish rejasini bekor qiladi. Kompaniya yana 7 ming nafar xodimni sun’iy intellekt bilan bog‘liq ish jarayonlariga o‘tkazmoqchi.

Bu qarorlar kompaniya ichida xodimlar kayfiyati yomonlashgani haqidagi xabarlar fonida qabul qilinmoqda. Xodimlar Meta sun’iy intellekt modellarini o‘rgatish uchun kuzatuv dasturidan foydalanayotganidan norozi. The Wall Street Journal yozishicha, 1,5 mingdan ortiq xodim kompaniya tomonidan ma’lumotlar yig‘ilmasligini talab qilib, petitsiya imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Meta robotlar uchun SI ishlab chiquvchi startapni sotib olgani haqida yozgan edi.