Kino va seriallar

«Muhtasham yuz yil» 1-bo‘lim: qullikdan shoh haramidagi martabagacha

Maqolada «Muhtasham yuz yil» 1-bo‘lim voqealari va qahramonlar bilan yaqindan tanishasiz
«Muhtasham yuz yil» 1-qism: qullikdan shoh haramigacha
Foto: You Tube

Turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Muhtasham yuz yil» seriali hali ham keng jamoatchilik tomonidan sevib tomosha qilinadi. Ushbu maqolada «Muhtasham yuz yil» 1-bo‘lim voqealari va qahramonlar bilan yaqindan tanishasiz.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Serial haqida umumiy ma’lumot

Serial nima haqida

Serial aktyorlari

Serialning barcha qismlari

Serial haqida umumiy ma’lumot

«Muhtasham yuz yil» Turkiyada suratga olingan tarixiy drama serialidir. Asarning asl nomi «Muhteşem Yüzyıl» bo‘lib, u Usmonli imperiyasining eng mashhur hukmdorlaridan biri Sulton Sulaymon Qonuniy davriga bag‘ishlangan.

Serial ilk bor 2011-yilda Turkiyada efirga uzatilgan va qisqa vaqt ichida nafaqat Turkiyada, balki ko‘plab xorijiy davlatlarda ham mashhurlikka erishgan. Loyiha tarixiy voqealar, saroy hayoti, siyosiy kurashlar va shaxsiy munosabatlarni dramatik uslubda ko‘rsatadi.

Serialda XVI asr Usmonli saroyidagi hokimiyat, muhabbat, rashk, sadoqat va xiyonat kabi mavzular asosiy o‘rin tutadi. «Muhtasham yuz yil» tarixiy faktlarga tayansa-da, unda badiiy talqin va dramatik sahnalar ham ko‘p uchraydi.

Serial nima haqida

Serial voqealari Sulton Sulaymonning taxtga chiqishi va Usmonli imperiyasini qudratli davlatga aylantirish jarayonidan boshlanadi. Asarda Sulaymonning davlat boshqaruvi, harbiy yurishlari, diplomatik qarorlari va saroy ichidagi murakkab mideunosabatlari yoritiladi. Serialning markaziy qahramonlaridan biri Xurram Sulton bo‘lib, u saroyga asira sifatida olib kelingan ayoldan Usmonli tarixidagi eng ta’sirli shaxslardan biriga aylanishi bilan tasvirlanadi.

Xurram va Sulton Sulaymon o‘rtasidagi munosabatlar serialning asosiy dramatik chizig‘ini tashkil qiladi. Shu bilan birga, Ibrohim Posho, Mohidavron Sulton, Validayi Sulton va shahzodalar o‘rtasidagi siyosiy hamda oilaviy ziddiyatlar ham muhim o‘rin egallaydi. Serialda saroydagi har bir qaror nafaqat oilaviy hayotga, balki imperiya taqdiriga ham ta’sir qilishi ko‘rsatiladi.

Serial aktyorlari

«Muhtasham yuz yil» serialida Sulton Sulaymon obrazini Halit Ergench ijro etgan. U serialda kuchli davlat arbobi, harbiy yetakchi va murakkab ichki kechinmalarga ega hukmdor sifatida tasvirlanadi.

Xurram Sulton rolini dastlab Maryam Uzerli ijro etgan. Uning obrazi serialning eng mashhur qahramonlaridan biriga aylangan. Keyingi qismlarda Xurram Sulton rolini Vahida Perchin davom ettirgan.

Mohidavron Sulton obrazini Nur Fattaho‘g‘lu ijro etgan. U serialda Shahzoda Mustafoning onasi va saroydagi kuchli raqiblardan biri sifatida ko‘rsatiladi. Ibrohim Posho rolini Okan Yalabiq ijro etgan. Bu qahramon Sulton Sulaymonning yaqin do‘sti, davlat arbobi va saroy siyosatidagi muhim shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.

Volida Sulton obrazini Nabohat Chehre yaratgan. Shuningdek, serialda Salma Ergech, Pelin Qoraxon, Mehmet Gunsur, Engin O‘zturk, Buroq O‘zchivit, Aras Bulut Iynemli va boshqa aktyorlar ham muhim rollarni ijro etgan.

Serialning barcha qismlari

1-qism

Birinchi qism Sulton Salimning vafoti va Sulaymonning taxtga chiqishi bilan boshlanadi. Sulaymon Manisadan Istanbulga qaytib, Usmonli imperiyasining yangi hukmdoriga aylanadi. U bilan birga eng yaqin do‘sti Ibrohim ham Topqopi saroyiga keladi.

Foto: KP

Shu bilan bir vaqtda Ruteniya tomonda yashagan Aleksandra tatar bosqini paytida oilasidan ayriladi. U asir olinib, Istanbulga olib kelinadi va saroy haramiga sotiladi. Aleksandra haram qoidalariga bo‘ysunishni istamaydi, biroq Nigor Xalfa unga saroyda yashab qolish yo‘lini tushuntiradi.

Qism oxirida Aleksandra Sulton Sulaymon e’tiborini tortadi. Ammo Valida Sulton uning haddidan oshgan gaplarini eshitib, Sulaymon huzuriga Aleksandra o‘rniga Mohidavronni yuboradi. Bu voqea Xurram, Mohidavron va Validayi sulton o‘rtasidagi kelajakdagi ziddiyatlarning boshlanishi bo‘ladi.

2-qism

Sulaymon Aleksandra o‘rniga Mohidavronning yuborilganidan norozi bo‘ladi. Bu qaror Valida Sulton bilan o‘g‘li o‘rtasida ilk sovuqlikni yuzaga keltiradi. Aleksandra esa o‘ziga qilingan munosabatdan g‘azablanib, haramda tartibsizlik chiqaradi.

Foto: Reddit

Keyinroq Aleksandra yana Sulaymon huzuriga chaqiriladi. Aynan shu qismda Sulaymon unga Xurram, ya’ni «quvonch olib keluvchi» degan ismni beradi. Shu tariqa Aleksandraning saroydagi yangi hayoti boshlanadi.

Xurram Sulaymon e’tiborini egallab ketadi. Mohidavron esa sulton undan uzoqlashayotganini sezadi. Sulaymon Xurramga o’zi tayyorlatgan uzukni sovg’a qiladi. Bu uzuk foyda haramdagi eng muhim ramzlaridan biriga aylanadi.

Foto: ekran tasviri

3-qism

Mohidavron Xurramga berilgan uzukni ko‘rib, qattiq g‘azablanadi. U o‘z mavqei zaiflashayotganini his qiladi. Shu orada tabib Mohidevranning homiladorligini aytadi. Bu xabar Xurramni rashk va xavotirga soladi.

Foto: Reddit

Mohidavron Oyshaga Xurramning uzugini o‘g‘irlatadi. Nigor Kalfa bu ishda Oyshadan shubhalanadi va Ibrohim orqali uzuk qaytariladi. Bu hodisa haramdagi yashirin o‘yinlar endi ochiq raqobatga aylanganini ko‘rsatadi.

Qismning eng keskin nuqtasi Mohidavronning homilasidan ayrilishi bilan bog‘liq. Mohidevran buning uchun Xurramni ayblaydi va uni qattiq kaltaklaydi. Bu voqea Xurram bilan Mohidevran o‘rtasidagi dushmanlikni butunlay chuqurlashtiradi.

4-qism

Kaltaklangan Xurramni Nigor, Sumbul va Doya topadi. Doya bu voqeani avval sultondan yashirishga harakat qiladi. Ammo holat Validayi Sultonga yetib boradi va u Mohidavronni qattiq koyiydi. Sulaymon Xurramni huzuriga chaqiradi, ammo Xurram bora olmaydi. Sulton buning sababini bilgach, Mohidavronning Xurramga qo‘l ko‘targanini tushunadi.

Bu holat Sulaymonning Mohidavronga munosabatini keskin sovutadi.

Sulaymon Mohidavronni eski saroyga yubormoqchi bo‘ladi, biroq Valida uni bu qarordan qaytaradi. Xurram esa tuzalguncha sulton xonalariga joylashtiriladi. Shu qismda Sulaymon Vengriyaga yurish tayyorgarligini ham boshlaydi.

5-qism

Foto: KP

Sulaymon yurishda bo‘lgan paytda Validayi Sulton Xurramdan qutulish yo‘lini izlaydi. U Xurramni saroydan chiqarib yuborish uchun uni Lala Qosim Poshoning o‘g‘liga turmushga bermoqchi bo‘ladi.

Xurram bu rejaga qarshi chiqadi. U saroyda qolish uchun homilador ekanini aytadi. Valida bunga ishonmaydi, ammo tabib tekshiruvidan keyin Xurram haq gapirgani ma’lum bo‘ladi.

Bu xabar haramdagi kuchlar muvozanatini o‘zgartiradi. Mohidavron yana tushkunlikka tushadi. Sulaymon esa Belgrad yurishida muhim g‘alabalar sari boradi. Shu bilan birga, Haticha Sultonning turmush masalasi ham ko‘tarila boshlaydi.

6-qism

Sulaymon qo‘shini Belgradni egallaydi. Bu g‘alaba uning hukmdor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. U saroyga qaytganida Xurramning homiladorligi haqidagi xabarni eshitadi.

Mohidavron Xurramga bo‘lgan nafratini yashira olmaydi. Xurram bilan kechki ovqat paytida kutilmagan voqea yuz beradi. Xurram zaharlanadi, ammo u ham, qornidagi bola ham omon qoladi. Ibrohim tekshiruv davomida zaharlash ortida Mohidavron turganini bilib qoladi. Sulaymon ham bu gaplardan xabar topadi, lekin Mustafoning onasi bo‘lgani uchun Mohidavronni jazolashdan tiyiladi. Bu qaror saroyda siyosiy muvozanat shaxsiy adolatdan ustun turishini ko‘rsatadi.

7-qism

Foto: Reddit

Zaharlanishdan keyin Valida Xurramga alohida xona va xizmatkorlar beradi. Bu Xurramning haramdagi mavqei oshganini anglatadi. Mohidavron esa bu holatni o‘z mag‘lubiyati sifatida qabul qiladi. Xurram Mariyani o‘ziga xizmatkor qilib olishni istaydi. Ammo Mariya Islomni qabul qilib, Gulnihol nomini olgani ma’lum bo‘ladi. Xurram bundan xavotirga tushadi, chunki u Gulniholni o‘z o‘rniga da’vogar deb ko‘radi.

Ibrohim Xurramdan qasos olish uchun Gulniholni Sulaymon huzuriga yuboradi. Aynan shu kechada Xurram o‘g‘il farzand dunyoga keltiradi. Sulton unga Mehmed deb ism beradi.

8-qism

Xurram Gulniholning Sulaymon huzuriga borganini bilib qoladi. Bu uning g‘azabini keltiradi. U Gulniholni xiyonatda ayblaydi va unga qarshi keskin munosabatda bo‘ladi. Sulaymon Mehmed tug‘ilishi munosabati bilan Xurramga qimmatbaho sovg‘alar beradi. Bu esa Mohidavron va boshqa ayollar orasida hasadni kuchaytiradi. Valida esa Xurramning ta’siri ortib borayotganini xavf sifatida ko‘ra boshlaydi.

Foto: Ochiq manba

Haticha Sultonning taqdiri ham murakkablashadi. Valida unga Mehmed Chalabiy bilan nikoh rejalashtiradi. Haticha esa Ibrohimni sevadi. Bu qismda Hatice va Ibrohimning yashirin muhabbati alohida dramatik yo‘nalishga aylanadi.

9-qism

Sulaymon Rodos yurishiga tayyorgarlik ko‘radi. Vengriya qiroli Layoš Usmonli qo‘shini haqida turli gaplar tarqatadi. Shu orada Arielning bevasi Viktoriya Sulaymonni o‘ldirish maqsadida Istanbulga yo‘l oladi.

Matrakchi Nasuh uni ko‘chada uchratadi va asl kimligini bilmay yordam beradi. Ibrohim orqali Viktoriya haramga kirib boradi. Keyinchalik u Sadika nomini oladi. Haticha esa Ibrohimdan ayrilish azobini boshdan kechiradi. U o‘ziga yoqmagan nikohga rozi bo‘lishni istamaydi. Qism oxirida Hadicha unashtiruv marosimi paytida yong‘in chiqadi. Mehmed va Mustafo xavf ostida qoladi.

Foto: KP

10-qism

Viktoriya bolalarni yong‘indan qutqaradi. Shu sababli Valida uni o‘z xizmatiga oladi va unga Sodiqa ismini beradi. Aslida esa Sodiqa saroyga Sulaymonni o‘ldirish uchun kirgan edi. Sulaymon Rodos yurishiga otlanadi. Saroyda esa uning halok bo‘lgani haqida yolg‘on xabar tarqaladi. Xurram og‘ir ahvolga tushadi, ammo keyin bu xabar tasdiqlanmaydi.

Rodos qal’asi egallanadi. Sulaymon g‘alaba sari borayotgan paytda unga suiqasd uyushtiriladi. Bu hujumda Ibrohim yaralanadi. Shu tariqa tashqi urush va saroy ichki fitnalari bir-biriga ulanadi.

11-qism

Xurram qiz farzand dunyoga keltiradi. Valida nevarasiga Mehrimoh deb ism beradi. Mohidavron Xurram o‘g‘il tug‘maganidan xursand bo‘ladi, ammo Sulaymon qizidan mamnun bo‘ladi.

Sodiqaning qirol Layošga yuborgan xabari ushlab qolinadi. Bu uning sirli harakatlariga birinchi xavf tug‘diradi. Rodosdagi siyosiy masalalar ham davom etadi. Sulaymon Istanbulga g‘alaba bilan qaytadi. Shu bilan birga, Hatice uchun tanlangan Mehmed Chalabiyning sog‘lig‘i yomonligi bilinadi. Ibrohim esa Hatichaning sevgi maktubi sabab sulton oldida og‘ir sinovga duch keladi.

Foto: Ochiq manba

12-qism

Ibrohim Hadicha bilan yashirin uchrashuv chog‘ida qo‘lga olinadi. Sulaymon uni jazolashdan oldin sinovdan o‘tkazadi. Ibrohim sadoqatini isbotlaydi va Divonda bosh vazir lavozimiga ko‘tariladi. Bu tayinlov boshqa vazirlarning noroziligiga sabab bo‘ladi. Ibrohimning birdan yuqori mavqega chiqishi saroydagi siyosiy hasadni kuchaytiradi.

Shu bilan birga, Hadicha uchun tanlangan Mehmed Chalabiy kasal ekani ma’lum bo‘ladi. Ibrohim buni Sulaymon va Validaga bildiradi. Ammo nikohni bekor qilish oson kechmaydi.

13-qism

Ibrohim Pargaga ketadi. U Sulaymonga maktub qoldirib, barcha lavozimlardan voz kechishini aytadi. Hadicha ham undan maktub oladi. Bu holat Sulaymonni g‘azablantiradi. Xurram Validaga Hadicha va Ibrohim bir-birini sevishini aytadi. Valida esa Ibrohimni qiziga munosib ko‘rmaydi. Saroyda bu muhabbat katta siyosiy muammoga aylanadi.

Shu qismda Oysha o‘ldiriladi. Sodiqa o‘z sirini yashirish uchun uni yo‘q qiladi. Ammo ayb Xurramga ag‘dariladi. Bolalari undan olib qo‘yiladi va Xurram xonasiga qamab qo‘yiladi.

14-qism

Sulaymon Xurramning aybsizligiga ishonmaydi. Uni Mehrimoh bilan eski saroyga yuborishga qaror qiladi. Mehmed esa saroyda qoladi. Bu Xurram uchun katta zarba bo‘ladi.

Ibrohim Istanbulga qaytadi. Sulaymon uni kechiradi va Hadicha bilan nikohiga rozilik beradi. Bu qaror Haticha uchun baxt, Xurram uchun esa yangi siyosiy xavf bo‘ladi.

Keyinroq Ruxsor Xotin Oysha o‘limi bo‘yicha Xurram aybsizligini aytadi. Ammo Ibrohim bu ma’lumotni darhol sultonga yetkazmaydi. U Xurram bilan kelishuv qilishga urinadi. Shu paytda Leo Istanbulga kelib, Aleksandrani izlay boshlaydi.

Foto: 1news.az

15-qism

Ibrohim Xurramga shart qo‘yadi. U saroyga qaytishi uchun Mohidavrondan omma oldida kechirim so‘rashi kerak. Xurram bolalarini ko‘rish va saroydagi o‘rnini tiklash uchun bu shartga ko‘nadi.

Hadicha va Ibrohimning unashtiruv marosimi boshlanadi. Xurramning saroyga qaytishi Mahidavronni g‘azablantiradi. Xurram esa o‘zining aybsizligi isbotlanganini bilib, Ibrohim uni siyosiy o‘yinga tortganini anglaydi. Valida Sodiqani Sulaymon huzuriga tayyorlaydi. Xurram bu rejaga aralashmasligi uchun Valida uni Haticha saroyini ko‘rishga olib ketadi. Aynan shu saroyda Leo rassom sifatida ish boshlaydi.

16-qism

Valida, Hadicha va CXurram Hadichaga berilgan saroyni ko‘zdan kechiradi. Bog‘da kichik Mehmed suvga tushib ketadi, ammo Mohidavron uni qutqarib qoladi. Bu voqea vaqtincha bo‘lsa ham Mohidavronning obro‘sini oshiradi.

Foto: Pinterist

Sodiqa Sulaymon huzuriga kirib, suiqasd qilish imkonini kutadi. Ammo Mehmed bilan bog‘liq hodisa uning rejasini buzadi. Leo esa Xurramning ovozini eshitib, uning tirik ekanini anglay boshlaydi.

Mohidavron homilador ekani haqida yolg‘on gap tarqatiladi. Tekshiruv bu gapni rad etadi. Shu paytda Xurram yana homilador ekanini biladi. Qism oxirida Leo Xurramni ko‘rib, uning Aleksandra ekanini tushunadi.

17-qism

Haticha va Ibrohimning to‘yi uchun katta tayyorgarlik ko‘riladi. Biroq yanicharlar Ibrohimning dabdabali to‘yidan norozi bo‘la boshlaydi. Bu norozilik keyingi qismdagi qo‘zg‘olon uchun zamin yaratadi.

Foto: Pinterest

To‘y marosimi vaqtida Xurramning to‘lg‘og‘i boshlanadi. U yana o‘g‘il farzand tug‘adi. Sulaymon bolaga Selim deb ism beradi. Mohidavron Xurramning navbatdagi g‘alabasini og‘ir qabul qiladi. Sulaymon Xurramga ikki qush sovg‘a qiladi. Xurram buni o‘zi va Sulaymon muhabbatining ramzi sifatida talqin qiladi. Qism oxirida Xurram Hadicha saroyida Leo bilan yuzma-yuz keladi.

18-qism

Xurram Leoni ko‘rib hushidan ketadi. U o‘tmishini, tatar bosqini va oilasining o‘limini eslaydi. Haticha nima bo‘lganini so‘raydi, ammo Xurram sirini yashiradi. Mohidavron Xurramni ranjitish uchun Hadicha xonalarini o‘ziga berishni so‘raydi. Xurram esa bu xonalarni Sulaymondan o‘zi uchun so‘rab oladi. Bu ikki ayol o‘rtasidagi raqobatni yana kuchaytiradi.

Misrda Ahmad Posho isyon ko‘taradi. Sulaymon Ibrohimga bu isyonni bostirishni buyuradi. Xurram esa Leodan Istanbulni tark etishini so‘raydi, chunki uning borligi Xurram va farzandlari uchun xavf tug‘diradi.

Foto: Ochiq manba

19-qism

Xurram Hadicha saroyida Leo bilan yashirincha uchrashadi. U Leoga o‘tmishni unutishni va o‘z yurtiga qaytishni aytadi. Ammo bu uchrashuv sir bo‘lib qolmaydi. Mohidavron Nigorni Xurram haqida ma’lumot yetkazishga majbur qiladi. Sodiqa esa Leo chizmalaridan Xurram portretini topadi. Bu Xurram sirining ochilish xavfini kuchaytiradi.

Shu paytda yanicharlar Ibrohimga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Istanbulda tartibsizlik boshlanadi. Xurram, Hadicha, Leo, Sodiqa, Matrakchi va bolalar xavfsizlik uchun Hadicha saroyining yerto‘lasiga tushadi. Hadicha zinadan yiqilib tushadi.

20-qism

Qo‘zg‘olon sabab Hadicha saroyi xavf ostida qoladi. Yerto‘lada Leo og‘ir yaralangani ma’lum bo‘ladi. Hadicha esa homilasidan ayriladi. Bu Ibrohim va Hadicha hayotidagi eng og‘ir fojealardan biriga aylanadi.

Sulaymon qo‘zg‘olon xabarini eshitib, Topqopiga qaytadi. U isyonni bostirishga buyruq beradi. Yanicharlarning ayrim talablari qondiriladi, ammo qo‘zg‘olon tashkilotchilari jazolanadi. Leo Sulaymon oilasini himoya qilgani uchun Istanbulda qolishga taklif qilinadi. Bu esa Xurram uchun yanada xavfli vaziyat yaratadi. Sodiqa esa Matrakchining his-tuyg‘ularidan foydalanishda davom etadi.

Foto: KP

21-qism

Sodiqa Sulaymonni o‘ldira olmaganidan iztirob chekadi. U o‘zining asl maqsadini davom ettirish uchun qulay payt kutadi. Shu bilan birga, Ferhat Posho ustidan ko‘plab shikoyatlar keladi.

Sulaymon Ferhat Poshoni jazolashga qaror qiladi. Beyhan Sulton erining qatlidan so‘ng akasidan yuz o‘giradi. Bu hodisa Sulaymon oilasida hokimiyat va qarindoshlik o‘rtasidagi ziddiyatni ochadi.

Haramga yangi kanizaklar olib kelinadi. Ulardan biri Tatyana Sulaymon huzuriga tayyorlanadi. Xurram buni bilib, Sulaymon oldiga boradi va boshqa kanizaklarni qabul qilmasligini ochiq aytadi.

22-qism

Xurram Sulaymonga shart qo‘yadi. Uning aytishicha, yoki boshqa kanizaklar saroydan ketadi, yoki u ketadi. Bu xatti-harakat Sulaymonni g‘azablantiradi, Valida va haramdagilarni esa Xurramga qarshi qo‘yadi.

Ammo Sulaymon Xurramning uni chin dildan sevishini anglaydi. U kanizaklarni saroydan chiqarib yuboradi. Bu Xurramning Sulaymon qalbidagi mavqeini yana bir bor mustahkamlaydi.

Gulshoh esa Xurramni o‘ldirish rejasini tuzadi. Ammo hujumda Xurram o‘rniga Gulnihol jabrlanadi. Bu hodisa Mohidavronatrofidagi fitnalarni yanada xavfli bosqichga olib chiqadi.

Foto: Ochiq manba

23-qism

Xurram o‘z to‘shagida qon ichida yotgan Gulniholni ko‘rib dahshatga tushadi. Gulshoh xato qilganini tushunadi. Gulniholning hayoti xavf ostida qoladi.

Mohidavron Gulshohning Xurramga suiqasd qilganini bilib, uni kaltaklaydi. Valida esa Xurram va bolalarni o‘z himoyasiga oladi. Sulaymon Ibrohimga hodisani tekshirishni buyuradi. Nigor Gulshoh sirini bilib qoladi va Mohidavronni ogohlantiradi. Xurram Mohidavronni suiqasd ortida turganlikda ayblaydi. Sulaymon Mohidavronga o‘zini qo‘lga olishi yoki Istanbuldan ketishi kerakligini aytadi. Qism oxirida Leo Xurramga xayrlashuv maktubi yuboradi, ammo maktub Ibrohim qo‘liga tushadi.

24-qism

Ibrohim Xurram va Leo o‘rtasidagi eski aloqani bilib oladi. U Nigor orqali Xurram xonasini tintdiradi. Leo chizgan portret topiladi va yo‘q qilinadi. Bu Xurram uchun eng katta xavflardan biriga aylanadi.

Leo Xurram bilan so‘nggi bor uchrashmoqchi bo‘ladi. Xurram esa xavotir va tushlari ta’sirida bu uchrashuvga bormaydi. Shu orada u yana homilador ekani ma’lum bo‘ladi. Ibrohim Leoni qo‘lga oldiradi va uni Xurram bilan yuzlashtiradi. U ikkisiga zaharlangan lokum taklif qiladi. Bu paytda Sodiqa ham Sulaymonga suiqasd qilish uchun imkon topadi va Ibrohim bog‘ida sultonga pichoq bilan hujum qiladi. Birinchi fasl shu keskin voqealar bilan yakunlanadi.

Avvalroq «Kursiv» «Muhtasham yuz yil» aktyorlari qanchalik o‘zgargani haqida yozgan edi.