Xavfsizlik

Oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 1,3 mlrd so‘mlik dorilar aniqlandi

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 1,3 mlrd so‘mlik dorilar aniqlandi
Foto: DXX

O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilib olib kirilgan 1,3 mlrd so‘mlik dorilar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qozog‘istondan O‘zbekistonga kirib kelgan yuk avtomobili tekshirildi.

Foto: DXX

Yuk mashinasi Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi «S. Najimov» chegara bojxona postiga kirib kelgan. Transport vositasini Oltiariq tumani (Farg‘ona viloyati)da yashovchi 1973-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqargan.

Bojxona nazorati vaqtida avtomobildagi oziq-ovqat mahsulotlari orasidan 52 turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari topildi. Ularning umumiy soni 95 369 donani tashkil qilgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan. Noqonuniy yuklarni qabul qilib olayotgan vaqtda Toshkent tumanida yashovchi 1986-yilda tug‘ilgan shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: DXX

Tegishli baholash hisobotiga ko‘ra, aniqlangan tibbiy vositalarning umumiy qiymati 1 mlrd 323 mln so‘mni tashkil etadi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda Dubayga olib ketilayotgan qariyb 2 kg oltin ushlab qolingani haqida yozgan edi.