
Polshaning Rohlig SUUS Logistics logistika operatori O‘zbekistonda o‘z sho‘ba korxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Natijada O‘zbekiston kompaniya faoliyat yuritadigan to‘qqizinchi davlatga aylanadi, deya yozmoqda «Dunyo» AA.
Rohlig SUUS Logistics kompaniyasi avvalroq Qozog‘iston bozoriga kirgan bo‘lsa, endilikda faoliyatini O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘ymoqda. Kompaniya prezidenti Pyotr Ivo Xmelevskiyning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoda kengayish global logistika bozoridagi mavqeni mustahkamlaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning tanlanishiga shaharning iqtisodiy ahamiyati ortib borayotgani sabab bo‘lgan. Shuningdek, u O‘zbekistonning bugungi rivojlanish jarayonlari 1990-yillarda Markaziy Yevropada kuzatilgan iqtisodiy transformatsiyalarni eslatishini qayd etgan.
Pyotr Ivo Xmelevskiy kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati xalqaro kompaniyalar hamda xorijiy investorlar bilan ishlashni maqsad qilgan mahalliy biznes uchun ham foydali bo‘lishini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Lot aviakompaniyasi yo‘nalishlar tarmog‘ining kengayishi ham mintaqada Polsha biznesi rivojlanishiga xizmat qilayotgani aytilmoqda. Kompaniya vakili Kshishtof Mochulskiy Qozog‘iston, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida Polsha hamda Yevropa kompaniyalari faolligi ortib borayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonda rasmiy vakolatxona ochishi haqida yozgan edik.