Yangiliklar

Qamchiq dovonida kuzatilgan sel talafoti bartaraf etildi — FVV

Avtomobillar harakati yana iziga tushdi
Qamchiq dovonida kuzatilgan sel talafoti bartaraf etildi / Foto: FVV

Qamchiq dovonida kuzatilgan sel talafoti tufayli avtomobillar harakati vaqtincha cheklangan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bartaraf etilganini ma’lum qildi.

22-may kuni soat 13:30 atrofida A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududida kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi. Natijada tog‘dan loy va tosh aralash sel suvlari tushib, qatnov yo‘lini qoplab oldi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/video_2026-05-22_14-05-32.mp4
Video: FVV

Mazkur holat sabab avtomobil yo‘lining «Vodiy – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtab qoldi. FVV tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib bordi va avtomobillar harakati qayta tiklandi.

Eslatib o‘tamiz, 21 – 22-may kunlari Surxondaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tog‘li hududlardagi soylardan ham sel suvlari oqib o‘tgan edi.