
Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 17 smartfoni ustida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Qurilma GSMA IMEI bazasida paydo bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bazada smartfonning bir nechta versiyasi qayd etilgan. Bu Redmi Note 17 global bozor va Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun tayyorlanayotganini ko‘rsatadi. Hozircha Xitoy va Hindiston uchun mo‘ljallangan versiyalar aniqlanmagan. Bu kutilmagan holat, chunki ushbu bozorlar Redmi Note seriyasi uchun odatda eng muhim hududlar hisoblanadi.
Smartfonning bazada erta paydo bo‘lishi ham e’tibor tortmoqda. Odatda Redmi Note liniyasidagi yangi modellar yil oxiriga yaqin taqdim etiladi. Shu sababli Redmi Note 17 taqdimoti bu safar oldinroq o‘tishi mumkin. Avvalgi mish-mishlarga ko‘ra, Xiaomi qurilmalar nomlanish tizimini ham qayta ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya turli smartfon seriyalari o‘rtasida raqamlarni bir xil qilish uchun Redmi Note 16 nomini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Redmi Note 17 seriyasining yuqori versiyalari haqida ham ayrim ma’lumotlar tarqalgan. Ularda qariyb 7 dyuymli ekran, 10 000 mA/soatga yaqin akkumulyator va 100 W tezkor quvvatlash bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, smartfon 200 MP kameraga ega bo‘lishi mumkin. Biroq Xiaomi hozircha Redmi Note 17 haqida rasmiy ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Redmi R70 5G va Redmi R70m 5G smartfonlari taqdim etilgani haqida yozgan edi.