
Senator Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston davlat gerbidagi paxta va g‘alla tasvirlari bo‘yicha fikr bildirdi. U maqolasida mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan davlat ramzlarida o‘sha davrdagi siyosiy xavotir, qo‘rquv va ikkilanish aks etganini ta’kidladi.
Rafiqov o‘z maqolasida O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham gerbda paxta va g‘alla tasvirlari saqlanib qolganiga e’tibor qaratgan. Uning fikricha, bu holat avvalgi tuzum bilan mafkuraviy bog‘liqlik izlari to‘liq uzilmaganini ko‘rsatadi.
«Paxtadan oladigan daromad o‘sha yillari bir milliard dollarga yetib-yetmagan. Shu holicha ham ushbu dehqonchilik ham bizning ijtimoiy-ma’naviy identligimizni belgilashi kerakmidi?», – deya qayd etadi siyosatshunos.
Rafiqovning fikricha, sovet va postsovet davrida ijtimoiy ritorika uzoq vaqt dalalar, hosil, paxta va g‘alla atrofida shakllangan. Bu esa jamiyatda erkin fikrlash maydonini toraytirgan. U paxta, g‘alla va ziroatchilik uzoq yillar davomida, sovet davridagidek, «ijtimoiy-siyosiy kult» maqomini saqlab qolganini yozdi. Senatorning ta’kidlashicha, matbuotda daladagi ishlar, rejalar va zarbdorlik haqida doimiy gapirilishi erkin tafakkurga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Maqola e’lon qilinganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston gerbini yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakatda e’tibor talab qiladigan boshqa muhim masalalar ham borligi haqidagi munosabatlar ham bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish muhimligini ta’kidlagani haqida yozgan edi.