Yangiliklar

Soliq tekshiruvlarida 11,8 trln so‘mlik tafovut aniqlandi

Eng katta tafovut QQS bo‘yicha qayd etilgan
Soliq tekshiruvlarida 11,8 trln so‘mlik tafovut aniqlandi
Foto: Pexels

2026-yilning yanvar-aprel oylarida 11,2 mingta soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazildi. Bu respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining 1,9 foizini tashkil qiladi, deya xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda faol tadbirkorlik subyektlari soni 589,1 mingtaga yetgan. Kameral tekshiruvlar shularning kichik qismida o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida jami 11,8 trln so‘mlik tafovutlar aniqlangan. Shu sababli soliq to‘lovchilarga tafovutlar to‘g‘risida talabnomalar yuborilgan.

Eng katta tafovut QQS bo‘yicha qayd etilgan. Ushbu soliq turi bo‘yicha aniqlangan tafovut 6,7 trln so‘mni tashkil qilgan. Foyda solig‘i bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mlik tafovut aniqlangan. Aksiz solig‘i bo‘yicha tafovutlar 665,8 mlrd so‘mga yetgan. Daromad solig‘i bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 260,2 mlrd so‘m bo‘lgan.

Sohalar kesimida eng katta tafovut umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida aniqlangan. Bu sohada tafovutlar 4,9 trln so‘mni tashkil etgan. Qurilish sohasida 3,4 trln so‘mlik tafovut qayd etilgan. Ishlab chiqarish sohasida esa bu ko‘rsatkich 2,4 trln so‘m bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligida 439,2 mlrd so‘m, transport sohasida esa 340,7 mlrd so‘mlik tafovut aniqlangan. Kameral tekshiruv soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining hisobotlari va mavjud ma’lumotlar asosida masofadan o‘tkaziladi. Bunday tekshiruvda odatda tadbirkorning faoliyat joyiga chiqilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Soliq xizmati fidoyisi» ko‘krak nishoni kimlarga berilishi haqida yozgan edi.