Yangiliklar

55 mingga yaqin Hyundai Elantra Hybrid avtomobili chaqirib olinmoqda

Gibrid avtomobillarga oid dasturiy nosozlik sabab
55 mingga yaqin Hyundai Elantra Hybrid avtomobili chaqirib olinmoqda / Foto: Hyundai

Hyundai kompaniyasi AQShda 2024 – 2026-yillarda ishlab chiqarilgan 54 337 dona Hyundai Elantra Hybrid sedanini qaytarib oladi. Bu haqda Cars coops nashri ma’lum qildi.

Bunga gibrid tizimni boshqaruvchi HPCU blokidagi MOSFET tranzistorining yuqori yuklama vaqtida qizib ketishi sabab bo‘lmoqda.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, nosozlik aksariyat holatlarda avtomobilning ishga tushmasligi yoki avariya rejimiga o‘tishiga olib keladi. Ayrim kam uchraydigan holatlarda esa qizib ketish lokal termik shikastlanish va yong‘in xavfini yuzaga keltirishi mumkin.

Tekshiruv davomida muammo avtomobilning texnik qismida emas, balki dasturiy ta’minotida ekani aniqlangan. Regulyatorlarning aytishicha, boshqaruv tizimi yuklama vaqtida HPCU blokini yetarli darajada sovita olmayapti, bu esa qizib ketishga sabab bo‘lmoqda.

Hyundai ushbu muammoni 2024-yil oxirida o‘rganishni boshlagan. 2025-yilda esa nosoz avtomobil va bir nechta texnik holatlar tahlil qilinib, aynan bir komponentdagi takroriy nosozlik qayd etilgan. Hozircha 4 ta holat ma’lum bo‘lib, ulardan faqat bittasida yong‘in kuzatilgan. Jabrlanganlar va yo‘l-transport hodisalari haqida ma’lumot berilmagan.

Kompaniya muammoni HPCU boshqaruv tizimi dasturini yangilash orqali bartaraf etishni rejalashtirmoqda. Yangilanish sovitish tizimi boshqaruvini yaxshilashi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen 100 mingga yaqin elektromobilini chaqirib olishi haqida yozgan edik.